Bayden Germaniyaga xayrlashuv tashrifini yakunladi
Olam
−
18 Oktabr
3553AQSH Prezidenti Jo Bayden davlat rahbari sifatida Germaniyaga so‘nggi tashrifini yakunladi. Bugun, 18 oktyabr kuni kechqurun u AQSHga qaytib ketdi. Baydenning Berlinga tashrifi 24 soatdan kam davom etdi.
Amerika yetakchisi Germaniya poytaxtiga kecha, 17 oktyabr kuni kechqurun yetib bordi. 18 oktyabr kuni u Berlindagi prezident qarorgohida – Belvyu saroyida harbiy sharaf bilan kutib olindi. Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Baydenga Germaniyaning oliy davlat mukofoti – Germaniya Federativ Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” maxsus toifasidagi “Katta xoch” ordenini topshirdi.
Ushbu voqeani e’lon qilar ekan, Germaniya Prezidenti idorasi bu yo‘lda Baydenning nemis-amerika do‘stligi va so‘nggi besh o‘n yillikda, asosan Bayden tufayli va ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi fonida kuchaygan transatlantik ittifoqni mustahkamlashdagi xizmatlari qayd etilganini ta’kidladi.
Bayden 1989 yildan 1993 yilgacha hukmronlik qilgan katta Jorj Bushdan keyin Germaniyaning oliy davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan birinchi AQSH Prezidenti bo‘ldi.
Uchrashuvda Shtaynmayer va Bayden Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Yaqin Sharqdagi mojaroni yumshatish masalalarini muhokama qildi. Xuddi shu mavzular kansler Olaf Shols bilan suhbatda va Bayden va Shols, shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer ishtirokidagi to‘rtlik yig‘ilishida ko‘tarildi.
Avvaliga Bayden Germaniyaga 10 oktyabr kuni uch kunlik davlat tashrifi bilan borishni rejalashtirgan edi, uning davomida u AQSHning Reynland-Pfalsdagi Ramshteyn aviabazasida Ukraina bo‘yicha aloqa guruhi yig‘ilishida ishtirok etishi kerak edi. Biroq 2025 yilning yanvarida davlat rahbari lavozimini tark etadigan Bayden o‘sha paytda Florida qirg‘oqlariga yaqinlashib kelayotgan “Milton” to‘foni sabab bu tashrifni keyinga qoldirgan edi.
Ma’lumot uchun, AQSH prezidentining Germaniyaga so‘nggi davlat tashrifi 1985 yilda Ronald Reygan Bonn, Bitburg va Bergen-Belsenga tashrif buyurganida sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng Amerika prezidentlarining Germaniyaga tashriflari faqat ishchi darajada bo‘ldi.
LiveBarchasi