Bayden AQSHning Afg‘onistondagi katta xatosini aytdi
Olam
−
12 Sentabr 2021
15792Afg‘onistonga harbiy qo‘shin kiritishidan asosiy maqsadi “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti yetakchisi Usama bin Lodinni yo‘q qilish bo‘lgan AQSH vazifa bajarilganidan keyin afg‘on diyorini yagona hokimiyat ostida birlashtirishga urinishi Vashingtonning xatosi bo‘lgan. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlar qurbonlari yodgorligini ziyorat qilish uchun Pensilvaniyaning Shanksvill shahriga kelganida aytib o‘tdi.
“Agar siz kimgadir [AQSH Afg‘onistondagi operatsiyani boshlaganda] AQSH bin Lodinni yo‘q qilganidan keyin, “Al-Qoida” parchalangandan keyin Afg‘onistonni birlashtirish uchun 20 yil davomida kuniga 300 mln dollar sarflaydi, deb aytganingizda edi. “Al-Qoida” qaytishi mumkinmi? Ha. Ammo bilasizmi, u boshqa joylarga qaytib bo‘ldi. Xo‘sh, unda strategiya nimadan iborat? Nima endi “Al-Qoida” qayerda bo‘lsa, o‘sha joyga bostirib kirib, u yerda qo‘shin qolidarmizmi? Qo‘ysangizchi”, degan Bayden.
AQSH yetakchisi Afg‘onistondagi qo‘shinlar qay tarzda chiqarilganidan qat’i nazar ko‘pchilik amerikaliklar bu qarorni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlagan.
“70 foiz amerikalik, biz shuncha pul sarflaganimizdan keyin, Afg‘onistonni tark etish vaqti keldi, deb hisoblayotgandi. Buning teskari tomoni shundaki, ularga qo‘shinlarni olib chiqish yo‘limiz yoqmadi. Biroq, buni boshqacha qanday amalga oshirish mumkinligini tushuntirish qiyin. Masalan, agar biz Tojikistonda bo‘lganimizda, C-130 ni (C-130 Super Herakl harbiy transport samolyoti) olib, bizga yordam bergan barchani shu samolyotga chiqishiga ruxsat beramiz, deganimizda ham shassiga osilib oladiganlar topilardi”, degan Bayden.
Qayd etish kerakki, Jo Bayden avval ham AQSH Afg‘onistonga demokratik davlat qurish maqsadida qo‘shin kiritmaganini ta’kidlagandi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH harbiylari Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy missiyani joriy yilning 31 avgust kuni to‘liq yakunladi. Biroq Amerikaliklar afg‘on diyorini tark etishni yakunlamasidan mamlakatda hokimiyat almashdi. “Tolibon” Ashraf G‘ani hukumatini ag‘dardi. Prezident G‘ani iste’foga chiqib, mamlakatni tark etdi.
Qayd etish kerakki, AQSHni holdan toydirgan Afg‘onistondagi kampaniyani Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi Prezidentlar yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi.
LiveBarchasi