Bayden ham Isroilga borishi mumkin – OAV
Olam
−
16 Oktabr 2023
3845AQSH Prezidenti Jo Bayden 18 yoki 19 oktyabr kuni Isroilga borishi mumkin. Bu haqda Isroil televideniyesining 12-kanali xabar berdi.
Aytilishicha, Isroil ayni damda Amerika yetakchisining tashrifiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Telekanal boshqa tafsilotlarni ochiqlamagan.
Biroq ayrim manbalarda keltirilishicha, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 14 oktyabr kuni telefon orqali suhbatda Baydenni mamlakatga tashrif buyurishga taklif qilgan.
Amerikalik rasmiyning aytishicha, Baydenning tashrifi ko‘rib chiqilmoqda, biroq hozircha qaror qabul qilinmagan.
"Bizda e’lon qiladigan yangi sayohatimiz yo‘q", degan Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Adriyen Vatson.
Ayni paytda Misr rasmiysi mamlakat Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi shu hafta oxirida G‘azodagi urush bo‘yicha xalqaro konferensiya tashkil etayotgani va unga Bayden ham taklif qilinganini ma’lum qilgan.
Qayd etish joizki, AQSHning yuqori martabali amaldorlaridan Davlat kotibi Entoni Blinken va Pentagon rahbari Lloyd Ostin allaqachon Isroilga borgan.
Ostin mavqedoshi Yoav Galant bilan uchrashgan. U Amerika Qo‘shma Shtatlarining Isroilni qo‘llab-quvvatlashini yanada kuchaytirishga va Tel-Avivning “o‘zini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan hamma narsani olishi”ga ishontirgan.
Blinken esa Yaqin Sharq bo‘ylab sayohat qildi. U Isroildan tashqari Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lgan. Qohira Davlat kotibi tashrif buyurgan oxirgi nuqta bo‘ladi va u bundan keyin Isroilga qaytadi.
"Men tashrif buyurgan har bir mamlakatda bu mojaro tarqalmasligini ta’minlash uchun qat’iyat bor", degan Blinken Misr poytaxtida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, arab siyosatchilari mojaro avj olmasligiga ishonch hosil qilish uchun o‘z ta’siridan, o‘z munosabatlaridan foydalanmoqda.
Isroil-Falastin mojarosi
Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.
Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi. 9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi.
Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi. Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.
Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida G‘azoda 2750 kishi halok bo‘lgan, 9700 kishi jarohatlangan. G‘arbiy sohilda esa 58 odam o‘lgan, 1250 kishi yaralangan. Isroil tomonidan qurbon bo‘lganlar soni 1,3 ming kishini tashkil etadi. 351 nafar odam esa shifoxonaga joylashtirilgan.
LiveBarchasi