Barselonada 100 mingdan ortiq kishi mustaqillikni talab qilib mitingga chiqdi
Olam
−
12 Sentabr 2023
4045Kecha, 11 sentyabr kuni Barselonada Kataloniya kuni (Diad) munosabati bilan ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “El Pais” gazetasi xabar berdi.
Huquq-tartibot idoralari mitingda 115 ming ishtirokchi qatnashganini aytayotgan bo‘lsa, aksiya tashkilotchilari ularning soni 800 ming kishiga yetganini bidirmoqda. Baholashda nega bunchalik katta farq kelib chiqqani hozircha noma’lum.
Namoyishchilar marshdan so‘ng Barselona markazidagi Plaza Espana maydoniga to‘plangan. Namoyish rasman mahalliy vaqt bilan 17:14 da boshlangan. U mintaqaning Ispaniyadan ajralib chiqishi tarafdori bo‘lgan Kataloniya Milliy Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan.
Yig‘ilganlarning ko‘pchiligi o‘zi bilan mintaqa mustaqilligi tarafdorlarining ramzi bo‘lgan Kataloniya yerlarining norasmiy bayrog‘ini olib kelgan.
“11 sentyabr Kataloniya mustaqilligi yo‘lidagi yangi jarayonning boshlanishidir”, deb ishontirgan aksiya tashkilotchilari.
Ispaniya Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanches esa bayram munosabati bilan X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida quyidagicha post qoldirgan.
“Kataloniya taraqqiyot, o‘zaro tushunish va birgalikda yashashning yangi yo‘lini ochdi. Kelajakka qarash va oldinga siljishda davom etish vaqti keldi”, deb yozgan Sanches.
O‘z navbatida, muxtoriyat hukumati rahbari Pere Aragones Diada arafasida Kataloniya aholisi mustaqillik masalasida ovoz berish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’kidlagan. Ispaniya rasmiylari mintaqaning qirollik tarkibidan chiqishi bo‘yicha referendum o‘tkazilmasligini bir necha bor ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, har yili 11 sentyabrda mustaqillikni yo‘qotish xotirasiga nishonlanadigan Kataloniya milliy kuni an’anaviy tarzda siyosiy harakatlar va mahalliy siyosatchilarning chaqiriqlari bilan o‘tadi. Bu bayram 1714 yil sentyabr oyining boshidagi voqealar bilan bog‘liq. O‘shanda Barselona uzoq qamaldan so‘ng Burbonlar sulolasi tarafdorlari qo‘shinlari hujumi ostiga tushib, Kataloniya nihoyat Ispaniya tarkibiga kirgan.