“Barselona” ushbu yozda sotib olishi kerak bo‘lgan 4 superfutbolchi

Tahlil

image

Kataloniyaning “Barselona” klubi ushbu yozgi transferlar vaqtida qaysi futbolchilarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishi kerak? Ayni paytda ko‘plab nashrlar bu borada turlicha fikrlarni taqdim qilmoqda.

Biz esa keyingi mavsumda “Barselona” klubiga katta yordam bera olishi mumkin bo‘lgan 4 futbolchi haqida suhbatlashmoqchimiz.

“Barselona”ning asosiy raqibi Madridning “Real” klubi joriy transferlar vaqtida juda faol harakat qilmoqda. Zidan keyingi mavsumda yana jamoani taxtga qaytarish uchun o‘ziga kerak bo‘ladigan futbolchilarning asosiy qismini “Santiago Bernabeu”da to‘plab ulgurdi. Ammo qarshi tomon “Barselona” o‘tgan mavsum oxirida achinarli omadsizlikka uchragan bo‘lsada hozircha transferlarga qo‘l urmayapti.

Bu holatni xorij OAV hozircha bo‘ron oldi sokinligi deb atamoqda. Ularning fikricha “Barselona” allaqachon superfutbolchilar bilan kelishib olgan va “bombani portlatish” uchun qulay payt kutmoqda.

Nima bo‘lganda ham katalonlar safiga kelishi kerak bo‘lgan futbolchilar jamoaning hozirgi holatiga mos kelishi kerak. Bizningcha quyidagi 4 futbolchi ayni damda “Barselona”ni avvalgi yengilmas darajasiga olib chiqa oladi.

Neymar

Birinchi navbatda, jamoaga sobiq futbolchi Neymar qaytarilishi kerak. U Kataloniyani tark etganidan beri “Barsa”ning hujumdagi chap qanoti biroz oqsamoqda. Dembele ikki yil davomida Neymar darajasiga chiqa olmadi. Bir paytlar MSN (Messi, Suares, Neymar) triosi har qanday raqib himoyasini ortiqcha qiyinchiliksiz yanchib tashlar edi. Shu sababga ko‘ra rahbariyat Neymarning Parijdagi baxtsizligidan foydalanib, o‘zlari uchun foydali transferga qo‘l urishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, braziliyalik futbolchi 2017 yilda “Barselona”ni tark etib, PSJ safiga borib qo‘shilgan edi. 2 mavsum Parijda o‘ynagan futbolchi ortga qaytishni xohlamoqda. Katalonlar futbolchi uchun 100 mln yevro va Koutinoni bermoqchi.

Antuan Grizmann

Ikkinchi navbatda “Atletiko” hujumchisi Antuan Grizmann bilan shartnoma imzolanadi. Kataloniyaliklar futbolchining transferini e’lon qilish uchun 1 iyul sanasini kutmoqda. Shu kuni futbolchining shartnomasida ko‘rsatilgan tovon puli 120 mln yevroga tushadi. Bu futbolchi ayni paytda yoshi o‘tib borayotgan Suares uchun muhim o‘rinbosar deb hisoblanmoqda. 

Grizmanning foydali jihati shundaki, to‘purar Messi hujumning oldingi chizig‘iga o‘tkaziladigan bo‘lsa ham u bemalol o‘ng qanotga ortiqcha qiyinchiliklarsiz moslashib keta oladi.

Adriyen Rabo

Jamoaga qo‘shilishi kerak bo‘lgan uchinchi futbolchi Adriyen Rabo. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra fransiyalik futbolchi yanvar oyidayoq “Barselona” bilan kelishib olgan. “Ko‘k-anorranlilar” uchun plyus jihat shundaki, yarim himoyachi Kataloniyaga erkin agent sifatida ko‘chib o‘tadi.

Bu futbolchi yanvar oyidan buyon asosiy jamoada o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan esada, ammo PSJning o‘rinbosarlar tarkibida o‘z formasini ushlab tura oldi. 24 yoshli fransuz 33 yoshli Rakitichning o‘rniga sotib olinishi kerak. Rabo yarim himoyada himoyalanish va hujumga o‘tishdagi stabillikni ushlay oladiganlar toifasidan. 

Matias de Ligt

To‘rtinchi futbolchi gollandiyalik himoyachi Matias de Ligt. “Ayaks” futbolchisiga juda ko‘p grand klublar qiziqish bildirayotgan bo‘lsada, de Ligt “Barselona” bilan shartnoma imzolashi biroz haqiqatga yaqinroq. Futbolchining agenti PSJ, MYU kabi ko‘proq pul taklif qilayotgan jamoalar bilan shartnoma imzolashga harakat qilgandi, ammo Matias ko‘proq sovrin yutadigan jamoada to‘p surishni xohlayapti.

Shu sababdan, Kataloniya klubi unga juda munosib. Qolaversa, “Barselona”da Pike borgan sari yoshi “pensiya”ga yaqinlashayotgan bo‘lsa, Umtiti o‘tgan yilgi jarohatidan keyin o‘z saviyasiga chiqa olmayapti. Langle esa to‘la darajadagi top futbolchi emas. Bunga ko‘ra, de Ligt “Barselona” uchun eng maqbul nomzod. Uning transfer qiymati bo‘lgan 75 mln yevro masalasiga keladigan bo‘lsak, jamoada keraksiz bo‘lgan bir nechta futbolchini sotish orqali buni topish qiyin emas.

“Barselona” yuqoridagi futbolchilarni xarid qilish uchun taxminan 300 mln yevro ishlatishi kerak. Ma’lum bo‘lishicha, hozirda klub hisobida transferlar uchun 200 mln bor. Qolgan mablag‘ futbolchilarni sotish orqali topilishi kutilmoqda. Klub Umtiti, Rakitich, Silessonlarning transferidan 150 mln ishlab olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. 

Shuningdek Grizmann va Neymar jamoaga qo‘shiladigan bo‘lsa Usmon Dembele ham transferga qo‘yilishi mumkin. Agar shunday qilinsa, jamoaning moliyaviy holati ham bir maromga tushib oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Neymar futbol Grizmann

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing