“Barselona” o‘rtoqlik o‘yinida “Bazel” darvozasiga beshta gol urdi
Sport
−
09:26 335 2 daqiqa
Kecha, 16 avgust kuni 2026-2027 yilgi mavsumga tayyorgarlik doirasida Shveysariyaning “Bazel” va Ispaniyaning “Barselona” klublari o‘rtasida o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda kataloniyaliklar 5:2 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvda hisob 33-daqiqada ochildi. “Barselona”ning yangi hujumchisi Karim Adeyemi Rafinyaning uzatmasidan keyin aniq zarba berib, jamoasini oldinga olib chiqdi.
“Bazel” 43-daqiqada javob golini urdi. Ikkinchi bo‘lim boshida, 49-daqiqada Hamza Abdelkarim “Barselona”ni yana oldinga olib chiqdi. Yosh hujumchi Adeyemining uzatmasidan unumli foydalandi.
80-daqiqada Lamin Yamal penaltini aniq amalga oshirib, hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Shveysariyaliklar 84-daqiqada Kazim Olaygbe orqali yana bir bor gol urib, farqni bitta to‘pga qisqartirdi.
Uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida esa “Barselona”ning 18 yoshli futbolchisi Jessi Bisivu o‘zini ko‘rsatdi. U 89 va 90+1-daqiqalarda ikki marta gol urib, kataloniyaliklarning 5:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.
Shu tariqa, Xansi Flik shogirdlari mavsumoldi tayyorgarligining navbatdagi uchrashuvida ishonchli g‘alabaga erishdi. Uchrashuvda “Barselona”ning yangi futbolchilari Karim Adeyemi va Entoni Gordon ham maydonga tushdi. Adeyemi gol urishdan tashqari, Hamza Abdelkarimning goliga ham assistentlik qildi.
“Barselona” uchun mazkur bahs mavsum oldidan muhim tayyorgarlik uchrashuvlaridan biri bo‘ldi. Kataloniya klubi keyingi bahsda “Al-Ahli”ga qarshi Joan Gamper kubogida maydonga tushadi.
Live
Barchasi