“Barselona” “Real”ni mag‘lub etib, Superkubokni qo‘lga kiritdi
Sport
−
12 yanvar 4799 1 daqiqa
Bugun, 11 yanvardan 12 yanvarga o‘tar kechasi Saudiya Arabistonida Ispaniya Superkubogi final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda “Barselona” “Real Madrid”ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvning 36-daqiqasida Rafinya aniq zarbasi bilan hisobni ochdi va “Barselona”ni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunlanayotgan pallada o‘yin yanada keskin tus oldi. 45+2-daqiqada Vinisius Junior javob golini urib, hisobni tenglashtirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 45+4-daqiqada Robert Levandovskiy o‘z imkoniyatidan unumli foydalanib, kataloniyaliklarni yana hisobda oldinga chiqardi. Biroq qo‘shimcha daqiqalarda “Real” hisobni yana tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 45+6-daqiqada Garsiya gol urib, birinchi bo‘limga nuqta qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limning 76-daqiqasida Rafinya yana sahnaga chiqdi va navbatdagi goli orqali hisobni 3:2 ko‘rinishiga keltirdi. Uchrashuvning asosiy vaqtiga qo‘shib berilgan 90+1-daqiqada Frenki de Yong qoidabuzarlik uchun qizil kartochka oldi. Shundan so‘ng hisob o‘zgarmadi va bahs yakunlandi.
Shu tariqa, “Barselona” Ispaniya Superkubogi finalida 3:2 hisobida g‘olib bo‘ldi va ketma-ket ikkinchi, umumiy hisobda 16 marta ushbu sovrinni boshi uzra baland ko‘tarmoqda. Bu borada kataloniyaliklarning eng yaqin ta’qibchisi “Real Madrid” hisoblanadi. Qirollik klubi 13 marta ushbu kubokni qo‘lga kiritgan.