“Barselona” rasman Superligadan chiqdi

Sport

image

Ispaniyaning “Barselona” klubi Yevropa Superligasi loyihasidan chiqqanini rasman e’lon qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi. 

Klub xabarida aytilishicha, “Barselona” bugun, 7 fevral kuni Yevropa Superligasi kompaniyasi hamda loyiha ishtirokchi klublarini musobaqadan chiqish qarori haqida rasman xabardor qilgan.

Shu tariqa, hozirgi holatga ko‘ra, Superliga loyihasida faqat bitta klub – Madridning “Real Madrid” jamoasi qolgan. 

“Barselona”ning bu qarori kutilmagan bo‘lmadi. Ikki ispan giganti o‘rtasidagi strategik va boshqaruv darajasidagi kelishmovchiliklar yillar davomida saqlanib kelayotgani qo‘shma loyiha istiqboliga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani ta’kidlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Yevropa Superligasi loyihasi 2021 yil 18 aprel kuni rasman e’lon qilingan edi. Unda 12 ta asoschi klubi sifatida “Yuventus”, “Real Madrid”, “Milan”, “Manchester Yunayted”, “Inter”, “Manchester Siti”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul”, “Chelsi”, “Arsenal”, “Barselona” va “Tottenxem” jamoalari ishtirok etgandi.

Chempionlar ligasiga muqobil turnir sifatida taqdim etilgan ushbu loyiha futbol jamoatchiligi, muxlislar, milliy ligalar va UEFA tomonidan keskin tanqid ostiga olindi. Kuchli bosim va noroziliklar fonida 2025 yilning 20 aprelga kelib 10 ta klub loyihadan chiqishini e’lon qildi hamda tegishli moliyaviy majburiyatlarni qoplashga rozi bo‘ldi.

Shundan so‘ng, “Barselona” va “Real Madrid” Superliga g‘oyasini huquqiy jihatdan qayta tiklash yo‘llarini izlab kelayotgandi. 

Eslatib o‘tamiz, Ispaniya Superkubogi finalidan oldin “Barselona” prezidenti Joan Laporta Kataloniya jamoasining “Real Madrid” bilan munosabatlari butunlay yomonlashganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

“Barselona” Evropa Superligasi “Real Madrid”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing