“Barselona” PSJ ustidan UEFA’ga shikoyat qildi
Sport
−
16:04 781 2 daqiqa
“Barselona” klubi Chempionlar ligasining uchinchi turi doirasida “Pari Sen-Jermen”ga qarshi o‘yin oldidan parijlik muxlislar tomonidan namoyish etilgan provokatsion banner yuzasidan UEFA’ga rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda “La Vanguardia” nashri xabar berdi.
Joriy yilning 20 oktyabr kuni Parijdagi “Park de Prens” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsda mezbonlar kataloniyaliklarni 4:2 hisobida mag‘lub etgandi.
Uchrashuv boshlanishidan oldin PSJ muxlislari tribunalardan birida ulkan bannerni ochgan. Unda PSJ futbolkasini kiygan, yuzi niqob bilan to‘silgan erkak arra yordamida “Barselona” emblemasini kesayotgani tasvirlangan. Bannerda fransuz tilida “Massacre à la parisienne” – “Parijcha uslubdagi qirg‘in” degan yozuv ham bo‘lgan.
“Reuters”ning yozishicha, banner dizaynida 1974 yilda suratga olingan mashhur Amerika dahshatli filmi “Texasdagi arrali qotillik”dan ilhomlangan. “Barselona” vakili nashrga klub uchrashuvdan so‘ng UEFA vakiliga banner mazmuni hamda tribunalardan yangragan haqoratli qo‘shiqlar haqida rasman ma’lumot berganini tasdiqlagan.
Ispaniyaning “Cadena SER” radiostansiyasi xabar berishicha, kataloniyaliklar ushbu tasvirlarni qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblamoqda. Klub vakillarining fikricha, banner sportda zo‘ravonlik va nafratni targ‘ib qilishi mumkin. Shuningdek, “Barselona”ga qarshi qaratilgan boshqa haqoratomuz bannerlar ham norozilikka sabab bo‘lgan.
Fransiyaning “L’Équipe” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, PSJ rahbariyati muxlislar tayyorlagan ushbu namoyishni oldindan ma’qullagan.
UEFA intizomiy reglamentining 16.2(e)-moddasiga muvofiq, sport tadbiri xususiyatiga mos kelmaydigan provokatsion xabarlarni imo-ishoralar, so‘zlar, buyumlar yoki boshqa vositalar orqali namoyish etish intizomiy jazoga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday qoidabuzarlik uchun standart jarima 10 ming yevroni tashkil etadi. Biroq yakuniy qarorni UEFA’ning intizomiy organlari qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston futbol federatsiyasi salbiy mazmundagi va O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan banner bilan bog‘liq mojarodan keyin “Aqtobe” va “Ordabasi” klublariga nisbatan jarima chorasini qo‘llagandi.
Live
Barchasi