“Barselona”ning “Kamp Nou” stadioni rekonstruksiyasida ishchi vafot etdi

Sport

image

“Barselona” futbol klubi “Kamp Nou” stadionida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan vaqtda qurilish ishchisi vafot etdi. Bu haqda ESPN xabar berdi.

Klub e’lon qilgan qisqa bayonotda “kecha ish joyida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida hayotdan ko‘z yumgan ishchining vafotidan chuqur qayg‘uda ekanini” bildirdi. Shuningdek, marhumning oilasi, yaqinlari va hamkasblariga hamdardlik izhor etildi.

Kataloniya politsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, 54 yoshli ishchi boshidan olgan og‘ir jarohati oqibatida vafot etgan.

“Associated Press” agentligining so‘roviga ko‘ra, hodisa yuzasidan boshqa tafsilotlar ochiqlanmagan.

“Barselona” 2023 yilda Yevropadagi eng katta futbol stadioni hisoblangan “Kamp Nou”ni kapital rekonstruksiya qilish ishlarini boshlagan edi. Qurilish ishlari davom etayotganiga qaramay, jamoa o‘tgan yilning noyabr oyida cheklangan miqdordagi tomoshabinlar uchun stadionni qisman ochgan.

Kataloniya klubi so‘nggi ikki mavsumda Ispaniya La Ligasi chempionligini qo‘lga kiritdi. Yangi mavsumni esa jamoa joriy yilning 23 avgust kuni “Elche” maydonida boshlaydi.

Jamoaning “Kamp Nou”dagi ilk uy uchrashuvi 27 avgust kuni “Atletik Bilbao”ga qarshi bo‘lib o‘tadi. Bu o‘yin rekonstruksiya ishlari davom etayotgan stadionda o‘tkaziladi.

Rekonstruksiya to‘liq yakunlangach, stadion sig‘imi 105 ming tomoshabinga yetadi va “Kamp Nou” yana Yevropadagi eng katta futbol stadioni maqomini mustahkamlaydi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing