“Barselona” MYUni tor-mor etdi

Sport

image

Kecha, 16 aprel kuni tunda Ispaniyaning “Barselona” klubi YeCHLning chorak finali doirasida o‘z maydonida “Manchester Yunayted"ni qabul qildi.

“Kamp Nou”ga yig‘ilgan 96 mingdan ortiq tomoshabin ko‘z o‘ngida mezbonlar Angliya jamoasini yirik hisobda tor-mor keltirdi.

O‘yinning ilk 10 daqiqasida manchesterliklar ancha faol bo‘lishdi. Hattoki bir marta jamoa hujumchisi Markus Reshford raqib darvosaning to‘sinini nishonga oldi. Agar forvard o‘sha vaziyatda aniqroq harakat qilganida, balki hisob mutlaqo boshqacha ko‘rinish olishi mumkin edi.

Shundan keyin mezbonlar o‘yin tizginini o‘z qo‘llariga oldi va uni Manchester jamoasiga boshqa qaytarib bermadi. 16 daqiqada kataloniyaliklar sardori Lionel Messi o‘z individual mahorati evaziga taxminan 22 metrlar uzoqlikdan to‘pni De Xea darvozasining o‘ng burchagiga joylab qo‘ydi.

Bu holatdan so‘ng mehmonlar o‘zlarini tutib olish o‘rniga, battar dovdiray boshlashdi. Oradan 4 daqiqa o‘tib yana Messi katta sahnaga chiqdi va joriy mavsum YeCHLdagi 10 golini o‘z hisobiga yozib qo‘ydi.

Ikkinchi taymni “ko‘k-anorranglilar” juda faol tarzda boshlashdi. Natijada, o‘yinning 61 minuti o‘tib borayotgan bir paytda, jamoaning braziliyalik futbolchisi Koutino hisobni yirik ko‘rinishga keltirib qo‘ydi.

“Barselona” – “Manchester Yunayted” 3:0 (2:0, 1:0).

Barselona shahri, “Kamp Nou” stadioni, 96 708 tomoshabin.

Gollar: 1:0 – 16 Messi, 2:0 – 20 Messi, 3:0 – 61 Koutino.

“Barselona”: ter Stegen, Pike, Alba, Serdji Roberto (Nelson Semedu, 71), Langle, Rakitich, Buskets, Artur (Vidal, 75), Koutino (Dembele, 81), Messi, Suares.

“Manchester Yunayted”: De Xea, Smolling, Yang, Djons, Lindelef, Lingard (Sanches, 80), Fred, Pogba, Maktomini, Marsyal (Diogu Dalot, 65), Reshford (Lukaku, 73).

Ogohlantirish: Suares (77).

Dastlabki uchrashuv: 1:0.


Maqola muallifi

Teglar

Barselona Manchester Yunayted EChL

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing