“Barselona” Xulian Alvares transferi uchun harakatni kuchaytirdi
Sport
−
05 avgust 761 2 daqiqa
“Barselona” rahbariyati “Atletiko Madrid” hujumchisi Xulian Alvaresni o‘z safiga qo‘shib olish uchun so‘ngi muzokaralarni boshladi. Bu haqda COPE nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, kataloniyaliklarning sport direktori Deku va uning yordamchisi Joau Amaral futbolchining agenti Fernando Idalgo bilan muzokara o‘tkazish hamda transferni amalga oshirish rejasini muhokama qilish uchun Madridga yo‘l olgan.
Ayni paytda 26 yoshli argentinalik futbolchi Jahon chempionatidan keyin ta’tilni Ibitsada o‘tkazmoqda. U joriy yilning 10 avgust kuni “Atletiko Madrid” yig‘iniga qo‘shilishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, Alvares o‘z vakillari orqali klubini almashtirish istagini bildirgan. Uning agentlarining ta’kidlashicha, futbolchi faqat “Barselona”ga o‘tishni va bosh murabbiy Xans-Diter Flikning qo‘l ostida to‘p surishni istamoqda.
Qayd etilishicha, kataloniyaliklar hujumchi uchun 100 million yevrolik taklifini o‘z kuchida qoldirgan. Futbolchining qat’iy pozitsiyasi Dekuni muzokaralarni davom ettirish uchun Madridga borishga undagan.
Biroq, “Atletiko Madrid” rahbariyati transferni muhokama qilish niyatida emas. Klub bosh direktori Migel Anxel Gil hujumchi “hatto 200 million yevroga ham sotilmasligi”ni ma’lum qilib, uning ketishi ehtimolini rad etgan.
Ma’lumot uchun, 2025-2026 yilgi mavsumda Xulian Alvares barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda ishtirok etib, 20 ta gol urdi va 9 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
“Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 120 million yevroga baholanmoqda. Uning “Atletiko Madrid” bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.
Live
Barchasi