“Barsa” va de Yong ishi: klub futbolchini sudga bermoqchi

Sport

image

Kataloniyaning “Barselona” klubi rahbariyati niderlandiyalik futbolchi Frenki de Yong bilan shartnomani bekor qilishni va dastlabki bitimda ko‘rsatilgan shartlarga qaytishni istayapti. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.

“Barselona”ning rasmiylariga ko‘ra, avvalgi rahbariyat de Yong bilan juda katta shartlar evaziga kelishuv imzolab, qonunni buzgan. “Barsa”ning amaldagi boshqaruvchilari ushbu bitimni imzolashda ishtirok etgan barcha tomonlarga nisbatan sud jarayonini boshlash uchun asos borligini iddao qilmoqda.

Ispan nashrlarining yozishicha, joriy yilning 15 iyul kuni “Barselona” de Yongga yozma ravishda xat jo‘natgan. Xatda Frenki bilan 2020 yil 20 oktyabrda uzaytirilgan bitimda jinoyat izlari topilganini xabar qilgan.

2020 yildagi shartnomaga binoan Frenki 2026 yilgacha “ko‘k anorranglilar” safida qolishi belgilangan. Shuningdek, de Yongning maoshi kamaytirilishi alohida ilova qilingan. Biroq klubning niderlandiyalik futbolchi oldidagi 18 million yevrolik qarzni uzishi kerakligi ham ko‘rsatilgan edi. Xuddi shunday kelishuvlar Jerar Pike, Mark-Andre ter Shtegen va Kleman Langle kabi futbolchilar bilan ham imzolangan.

“Barsa” tomonidan yuborilgan xatda de Yong bilan imzolangan shartnomaning shubhali tomonlariga oydinlik kiritish uchun sudga murojaat qilinishi mumkinligi ham aytilgan. Kataloniya klubi Frenkining 2020 yilda imzolangan shartnomasini bekor qilmoqchi va uning 2019 yilda “Ayaks”ni tark etganida kelishilgan shartlar asosida jamoada qolishini ta’minlamoqchi.

Tabiiyki, “Barsa”ning sobiq boshliqlari bu da’voni rad etmoqda. Ular 24 yoshli futbolchi bilan kelishuv advokatlar va La Liga tomonidan ma’qullaganidan so‘ng tuzilganini ta’kidlamoqda.

Qayd etish kerakki, niderlandiyalik futbolchi “Barsa”dan maktub olgach, klub rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Albatta, ushbu suhbat chog‘ida ham “Barselona” “bosslari” o‘zlaridan oldingi rahbarlarni jinoyatda ayblagan. Rasmiylar ushbu qonunbuzarlikka Frenki va uning agentlari ham daxldor bo‘lishi mumkinligini ochiqchasiga aytgan.

Shuningdek, “Barselona” bu vaziyatni Jerar Pike va ter Shtegen bilan ham muhokama qildi. Biroq ular “Barsa”dan ehtimoliy sud bo‘yicha xat olgan yoki olmaganligi noma’lum.

Xulosa shuki, “Barselona” jiddiy moliyaviy muammolar fonida Frenkini shu yozda boshqa klubga sotmoqchi yoki u bilan koronavirus pandemiyasi davrida kechiktirilgan to‘lovlardan voz kechish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqchi. Ayni damda tomonlar murosaga kelishmagan. Voqealar rivoji nima bilan tugashini uzog‘i bilan 31 avgustgacha bilib olamiz. Ya’ni, 24 yoshli futbolchi boshqa klub safiga o‘tadi yo bo‘lmasa, “Barsa”ning to‘lovlar borasidagi iddaolarini qabul qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Frenki de Yong “Barselona”

Baholaganlar

260

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing