“Barchasi qo‘rqinchli tushga o‘xshaydi” — Gretsiyada sayyohlar evakuatsiya qilindi (video)

Olam

image

O‘rmon yong‘inlari tufayli Gretsiyaning Afina shahri atrofidan 300 kishi evakuatsiya qilindi, yana 85 kishi Egey dengizidagi Evbeya orolini qayiqda tark etdi. Bu haqda RBK yozmoqda.

Qayd etilishicha, u yerda kamida 150 uy yonib ketgan. Umuman olganda, oxirgi 24 soat ichida Gretsiyada 80 dan ortiq yong‘in sodir bo‘lgan. Global iqlim o‘zgarishi va havo haroratining ko‘tarilishi ortidan bir qancha Yevropa davlatlarida o‘rmonlar yonmoqda. Ushbu holat qadim tarixga ega bo‘lgan Gretsiyada ham kuzatilmoqda. 

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Gretsiyada o‘t o‘chiruvchilar 56 ta yong‘in sodir bo‘lgan hududda olovga qarshi kurashmoqda.

“Bugun biz uchun oxirgi o‘n kundan beri davom etayotgan yong‘inli kunlar ichida eng og‘irrog‘i. Hozirgi vaqtda bizda 56 ta ochiq yong‘in hududi bor. Ulardan eng jiddiylari: Attika, Evbeya, Messiniya, Sharqiy Mani, Ftiotidadagi Tolofon, Grevena va Ilyos hududlarida yuz bermoqda”, deydi Gretsiya Fuqarolik muhofazasi va inqirozlarni boshqarish vazirining o‘rinbosari Nikos Hardalias. 

Yong‘inga qarshi chetdan yordam

Fuqarolarni himoya qilish vazirining o‘rinbosari ma’lum qilishicha, Gretsiya yong‘inlarni o‘chirishda yordam so‘rab boshqa davlatlarga murojaat qilgan. Fransiya 82 nafar o‘t o‘chiruvchi va ikkita samolyot, Kipr 40 nafar o‘t o‘chiruvchi va ikkita samolyot, Xorvatiya bitta samolyot, Ukraina 100 o‘t o‘chiruvchi, Isroil 16 ta, Shvetsiya ikkita samolyot, Ruminiya 112 o‘t o‘chiruvchi, 23 ta maxsus texnika va Shveysariya uchta vertolyot ajratadi.

Gretsiyada anomal issiq 10 kundan oshiq davom etmoqda. Termometr joylarda 47 darajagacha ko‘tarildi. Milliy meteorologiya xizmati mamlakatda issiq havo yana besh kun davom etishini taxmin qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

109

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing