So‘nggi 10 yilda O‘zbekistonga 160 mlrd dollardan ortiq investitsiya kirdi
Jamiyat
−
13:45 470 2 daqiqa
O‘zbekistondagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli mamlakat xalqi, jonkuyar yurtdoshlar mehnati bilan amalga oshmoqda. Bu haqda bugun, 26 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan davlat mukofotlarini topshirish marosimida so‘z ochdi.
Marosimda so‘nggi o‘n yilda xalq bilan hamjihat bo‘lib amalga oshirilayotgan ishlar natijasida iqtisodiyot tez sur’atlarda barqaror o‘sib borayotgani qayd etilgan.
Bildirilishicha, o‘tgan davrda mamlakatga 160 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya kirgan. Iqtisodiyot 2,5 barobardan ziyod ko‘paygan. Joriy yil yalpi ichki mahsulot hajmi 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Sanoat tarmoqlari, servis va qishloq xo‘jaligi sohalarida 5 million 700 ming doimiy ish o‘rni yaratilgan. Davlat va xususiy sektor ishtirokida 1 million 200 ming o‘rinli zamonaviy maktab, 342 ming o‘rinli bog‘cha va 62 ming o‘rinli shifoxonalar ishga tushirilgan.
Odamlarning uzog‘ini yaqin qilish uchun 83 ming kilometr umumiy foydalanishdagi ichki yo‘llar qurilgan va ta’mirlangan. Hududlarda 8 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor markazlashgan ichimlik suvi kirib borgan, yana 11,5 million aholining suv ta’minoti yaxshilangan.
O‘tgan o‘n yilda 650 ming oila yangi zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan. Shuningdek, kamida 2,5 million aholi uyli bo‘lgan.
Prezident bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotganini, davlatning xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidlagan.
“Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda”, deydi davlat rahbari.
Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt ekani ta’kidlangan.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangan.
Prezident har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini ta’kidlagan.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda bo‘lsa-da, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat bo‘lib kelmoqda.
Live
Barchasi