Barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz – To‘qayev

Olam

image

Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT)ning roli sezilarli darajada oshdi. Biz TDT davlatlari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Samarqandda bo‘lib o‘tgan TDT sammitidagi nutqida aytib o‘tdi. 

“Hamkorligimizni yanada mustahkamlash va uni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdormiz. Turkiy mamlakatlarni birlashtirgan tashkilotlarning paydo bo‘lish tarixi shuni ko‘rsatadiki, ularning aksariyati, jumladan TURKSOY (Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti), TurkPA (Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi) va Turkiy akademiya Qozog‘iston tashabbusi bilan tuzilgan. Bu tashkilotlar qardosh xalqlarimizning madaniy va ma’naviy yaqinlashuvining haqiqiy dirijyorlariga aylandi”, deydi davlat rahbari. 

U turkiy dunyoda integratsiyani mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini butun dunyo jamoatchiligiga ko‘rsatishni taklif qildi. Bu ish, Qosim-Jomart To‘qayevning fikricha, yetakchi xalqaro agentliklar va mamlakatlar ommaviy axborot vositalari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin. 

Tashkilot ishi, uning fikricha, diplomatik sammitlar va yakuniy hujjatlar imzolanadigan uchrashuvlar bilan cheklanib qolmasligi kerak.  

“Men TDT turkiy dunyoni birlashtiruvchi va yaqinlashtiradigan nufuzli platformaga aylanishi kerak, deb hisoblayman”, deydi Prezident. 

To‘qayev Qozog‘iston turkiy davlatlarning do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirishga katta hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. “Turk dunyosi istiqbollari – 2040” dasturiy hujjati bunga yorqin misoldir. 

“Bugun uni amalga oshirish uchun Turkiy davlatlar tashkiloti strategiyasi qabul qilinadi. 

Shubhasiz, mazkur hujjat o‘zaro hamkorlikni, davlatlarimizni birlashtirgan barqarorlik kamarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bois hamkorligimiz muvaffaqiyatli bo‘ladi, deyishga to‘liq asoslar bor. Mintaqaviy va global kun tartibidagi masalalarni hal etishda faol ishtirok etib, biz qudratli va nufuzli kuchga aylanishimiz kerak. Hozirgi geosiyosiy va geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar Yevroosiyo qit’asining iqtisodiyoti va transport-logistika tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Biz barcha chaqiriq va tahdidlarga birgalikda qarshi turish uchun birdamlikni namoyon etishimiz kerak”, deydi To‘qayev. 

U so‘zida davom etarkan, Qozog‘iston barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Ammo gap aynan qaysi davlat haqida ketayotganiga aniqlik kiritmadi. 

“Qozog‘iston barcha davlatlarning hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, shuningdek, BMT Nizomiga qat’iy rioya etish zarur, deb hisoblaydi. Bu mamlakatimizning asosiy manfaatlariga to‘la mos keladigan zaruriy tamoyildir. Shuning uchun biz ushbu tamoyilga ustuvor ahamiyat beramiz”, deydi Qozog‘iston Prezidenti. 


Maqola muallifi

Teglar

Qosim-Jomart To'qaev Turkiy davlatlar tashkiloti

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing