Banklarda kredit berish tizimi soddalashtiriladi
Jamiyat
−
24 iyul 2019
7354O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning fikricha, banklardagi byurokratiya tadbirkorlarning kredit olishida ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu haqda kecha, 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida aytilgan.
Yig‘ilishda banklarning tadbirkorlik sub’ektlariga xizmat ko‘rsatishini yaxshilash va ajratilayotgan kreditlar samaradorligini oshirish masalasiga e’tibor qaratilgan.
Hozirda kredit olish istagidagi tadbirkorning murojaati 3 bosqichda, ya’ni tuman-viloyat-respublika darajasida ko‘rib chiqiladi. Bankning markaziy idorasi rozilik bermasa, tadbirkor kredit ololmaydi. Oqibatda, bu jarayon ayrim hollarda oylab cho‘zilib ketyapti.
Shu bois, banklarda kredit ajratish masalalarini bir va ikki pog‘onaga o‘tkazish, 70-100 nafar xodim ishlaydigan filiallar o‘rniga 10-15 nafar shtatdan iborat ixcham bank xizmatlari markazlarini ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.
Tadbirkorlarning kredit foiz stavkalariga oid fikrlari muhokama qilinar ekan, kreditlar bo‘yicha kafolat berish va foizlarni qisman qoplash maqsadida tashkil qilingan Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi faoliyatini kuchaytirish muhimligi aytildi.
Yig‘ilishda tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan yana bir muammo – loyihalarni joylashtirish uchun yer ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Bu tizim hanuzgacha ochiq-oshkora ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, 3 ming 500 gektar maydon “Yer-elektron” axborot tizimiga taqdim etilgan bo‘lsa-da, shundan 1 ming 300 gektari yoki 37 foizi savdoga qo‘yilgan, xolos.
Shu bois, mutasaddilarga yer ajratish masalasini idoralar bilan kelishish, binoni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini tubdan soddalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.