“Bank mas’uli to‘g‘ri qilgan”. Fuqarodan tirikligini isbotlovchi “spravka” so‘ralganiga izoh berildi

Jamiyat

image

Avvalroq, Qashqadaryoda bank rahbari fuqarodan tirikligini isbotlovchi ma’lumotnoma so‘ragani haqida xabar bergandik. Ushbu holat yuzasidan "Agrobank" ATB Matbuot xizmati izoh berdi. 

Qayd etilishicha, holat o‘rganilganda fuqaro A.J. kredit olish maqsadida bankning Qarshi shahar filialiga 2021 yilda murojaat qilgani ma’lum bo‘lgan. 

Ushbu murojaatga asosan bankning kredit ma’lumotlar bazasi orqali fuqaroga doir ma’lumotlar tekshirilganda uning vafot etganligi qayd etilganligi aniqlangan.

Bunga ushbu fuqaroning uzoq yillar davomida o‘zi haqida biror-bir xabar bermasdan Rossiya Federatsiyasiga ketib qolganligi, turmush o‘rtog‘i esa o‘rtalaridagi mol-mulkni sotish maqsadida A.J.ni vafot etganligi haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani va davlat notarial idorasi tomonidan ushbu ma’lumot tasdiqlanganligi sabab bo‘lgan.

“Shuning uchun bank mas’uli fuqaroning tirikligini (FHDYO idoralaridan uning nomiga o‘lganligi haqida guvohnoma berilmaganligi va yashash manzili MFY va IIB pasport bo‘linmasidan ushbu fuqaro aynan A.J. ekanligini) tasdiqlovchi ma’lumotlarni so‘ragan va huquqiy jihatdan bank mas’ulining harakatlari to‘g‘ri bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga ko‘ra, fuqaro A.J. yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash tartibi asosida o‘zining tirikligi faktini belgilash haqida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilishi lozim va sud tomonidan ushbu ariza qanoatlantirilgach uning barcha mulkiy huquqlari qayta tiklanadi hamda uning kredit olish masalasi ijobiy hal qilinadi.

Bu haqida fuqaro A.J.ga bir necha marotaba og‘zaki tushuntirish berilgan”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing