Bangkok “ofat hududi” deb e’lon qilindi
Olam
−
17:05 1317 2 daqiqa
Tailand poytaxti Bangkokda kuchli yomg‘ir sabab ko‘chalarni belgacha yetadigan suv bosdi. Shahar rasmiylari Bangkokni “ofat hududi” deb e’lon qildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kuchli yomg‘ir joriy yilning 24 sentyabr kuni boshlangan. Tailand markaziy qismida shakllangan past bosimli hudud Bangkok va uning atrofida ikki kun davomida tinmay yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘lgan.
Poytaxtning shimoli-sharqida joylashgan Prachin Buri yaqinidagi meteorologik stansiyada joriy yilning 25 sentyabridan 26 sentyabr oqshomigacha bo‘lgan 24 soat ichida 213,5 millimetr yomg‘ir qayd etilgan. Taqqoslash uchun, Londonda bir yil davomida o‘rtacha 585 millimetr yog‘in yog‘adi.
Kecha, 27 sentyabr kuni past bosimli hudud shimoli-g‘arbga siljiganidan so‘ng Bangkokdagi kuchli yomg‘irlar to‘xtagan. Ayni paytda Tinch okeanining markaziy qismida joylashgan Gavayining Katta oroli “Nolo” dovuli xavfi ostida qolgan.
27 sentyabr kuni tongga yaqin “Nolo” 2-toifali dovulga aylangan. Uning doimiy shamol tezligi soatiga 158-167 kilometrni tashkil etgan. Dovul Gavayi orollariga eng yaqin kelgan paytda Katta oroldan taxminan 233 kilometr janubda bo‘lgan.
Kuchli shamoldan tashqari, ko‘p miqdordagi yog‘ingarchilik sabab suv toshqini va yer ko‘chkilari xavfi yuzaga kelgan. Dovul ta’siri boshlanganidan beri orolning shimoli-sharqidagi meteorologik stansiyalarda 530 millimetrdan ortiq yomg‘ir qayd etilgan.
“Nolo” hozir Gavayidan uzoqlashib, g‘arbga qarab harakatlanmoqda. Prognozlarga ko‘ra, u bugun, 28 sentyabr kuni eng yuqori kuchiga yetib, 4-toifali dovulga aylanishi mumkin.
Tinch okeanining sharqiy qismida esa “Polo” dovuli bugun, 28 sentyabr kuni Quyi Kaliforniya yarim oroliga yetib borishi kutilmoqda.
Shuningdek, “Polo” yarim orol bo‘ylab harakatlanishi davomida kuchli yomg‘ir yog‘dirishi kutilmoqda. Ayrim hududlarda yog‘ingarchilik miqdori 100–200 millimetr, mahalliy joylarda esa 250 millimetrgacha yetishi mumkin. Yog‘inning katta qismi 12 soat ichida yog‘ishi kutilayotgani sababli suv toshqini va yer ko‘chkilari xavfi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindiston va Nepalda kuchli yomg‘ir sababli yuzaga kelgan suv toshqinlari va ko‘chkilar oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Hindistonda 56 kishi vafot etgan bo‘lsa, Nepalda 14 kishi halok bo‘lgan, yana 11 kishi bedarak yo‘qolgan.
Live
Barchasi