Baku Armaniston ayblovlariga javob berdi
Olam
−
10 mart 2023
4014Avval xabar berganimizdek, Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Ozorbayjon Qorabog‘ armanlarini “etnik tozalash” va “genotsid”ga duchor qilishga tayyorlanyapti, degan mazmundagi bayonot bilan chiqqan edi. Rasmiy Baku esa bu da’volarini bema’nilik deb atadi. Bu haqda Ozarbayjon TIV bayonotida aytildi.
“Armanistonning Ozarbayjon go‘yoki Qorabog‘ mintaqasidagi arman aholisiga nisbatan “etnik tozalash” va “genotsid”ni amalga oshirishga tayyorlanayotgani haqidagi da’volari bema’nilikdir”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, vazirlik Armanistonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da armiyasi yo‘qligi haqidagi bayonotga ishora qilib, bu davlatning siyosiy rahbariyati ancha oldin Armaniston kuchlari Ozarbayjon hududlaridan olib chiqilmaganini tan olganini ta’kidlagan. Bu kuchlar 2022 yil sentyabrda olib chiqilishi e’lon qilingan bo‘lsada, bu hali ham sodir bo‘lmagan.
Bundan tashqari, rasmiy Baku Ozarbayjon, Armaniston va Rossiya rahbarlarining 2020 yil 9 noyabrdagi bayonotining to‘rtinchi bandiga ko‘ra, barcha arman qurolli kuchlarini Ozarbayjon hududlaridan olib chiqib ketish ko‘zda tutilganini eslatib, bu masalada qabul qilib bo‘lmaydigan manipulyatsiyalar amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan.
“Armanistonning Ozarbayjonga qarshi agressiv siyosati va noqonuniy harakatlarining oldini olish uchun Lochin yo‘lining boshida chegara postini tashkil etish zarur”, deyilgan sharhda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Armaniston Tashqi ishlar vazirligi bayonot chiqarib, Ozarbayjonning yangi tajovuzni boshlashiga yo‘l qo‘ymaslik va Tog‘li Qorabog‘ga Armaniston qurolli kuchlari joylashtirilgani haqidagi Ozarbayjon ma’lumotlarini tekshirish uchun xalqaro faktlarni o‘rganish missiyasini yuborishga chaqirgandi.
Qorabog‘ urushi
2020 yil 14 iyul kuni Ozarbayjon-Armaniston chegarasida ro‘y bergan to‘qnashuvda Ozarbayjon armiyasining bir general-mayori boshliq 7 nafar askarning shahid bo‘lishi Qorabog‘ning ozod qilinishiga olib kelgan operatsiyaning boshlanishi bo‘ldi. 27 sentyabr kuni Armaniston qo‘shinlari Tog‘li Qorabog‘ yaqinidagi tinch aholi punktlariga o‘t ochdi, Ozarbayjon o‘z yerlarini ishg‘oldan ozod qilish uchun “Qasos” qarshi hujumini boshladi, natijada bosib olingan yerlar birin-ketin ozod qilindi.
2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2,9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi