Baxtiyor Saidov “Tolibon” elchisini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 11 iyul kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Toshkentdagi elchisi Abdul G‘affor Teraviyni qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

“Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qildik. Biz Afg‘onistonda barqaror rivojlanishni doimo qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb yozdi TIV rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistonni mintaqaviy va global ta’minot zanjirlariga integratsiya qilish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Baxtiyor Saidov iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish va faol sheriklikni ilgari surish keng mintaqada barqarorlik va farovonlikka xizmat qilishini qo‘shimcha qilgan. 

Ma’lumot uchun, 2024 yilning fevral oyida O‘zbekiston Toshkentdagi Afg‘oniston elchixonasini “Tolibon” diplomatlariga topshirgan edi. O‘tgan yil sentyabr oyi oxirida  Abdul G‘affor Teraviy Afg‘onistonning O‘zbekistondagi diplomatik missiyasi rahbari sifatida ish boshladi. U 9 oktyabr Baxtiyor Saidov bilan uchrashgan

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11 iyun kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumatida sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Азизийни qabul qilgandi. 3 iyul kuni esa Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning Xonkendi shahridagi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida “Tolibon” muvaqqat hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Бародарни qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Tolibon Abdul G'affor Teraviy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing