Baxtiyor Saidov Qozog‘iston Prezidenti bilan uchrashdi
Jamiyat
−
20 fevral
4312Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovni qabul qildi. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.
Qayd qilinishicha, o‘zaro suhbatda ikki davlat hamkorligi yuqori sur’atda rivojlanib borayotgani ta’kidlangan. Jumladan, To‘qayev Qozog‘iston qardosh O‘zbekiston bilan munosabatlarini yanada mustahkamlashi ustuvor vazifalardan biri ekanligini aytib o‘tgan.
Davlat rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qo‘shgan salmoqli hissasini e’tirof etib, Qozog‘iston mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida O‘zbekiston tashabbuslarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilinib, ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmini oshirish muhimligi ta’kidlangan.
Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekiston tomonining Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishdagi ishtiroki o‘zaro manfaatli ekanligiga e’tibor qaratgan.
Shu bilan birga, To‘qayev Qozog‘iston Darboza-Maqtaraal temiryo‘l liniyasi qurilishi boshlangani, keyinchalik u O‘zbekiston chegarasigacha yetib borishi, bu esa yuk tashish hajmi oshishiga yordam berishini aytib o‘tgan.
Bundan tashqari, suhbat chog‘ida suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik va Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham muhokama qilingan.
Sarvar Xurramov