Bachelet endi yo‘q. Uning o‘rnini avstriyalik egalladi
Olam
−
10 Sentabr 2022
6520Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi joriy yilning 8 sentyabr kuni avstriyalik Folker Turkni BMT Inson huquqlari bo‘yicha yangi Oliy komissari etib tasdiqladi. Turkning nomzodi ovoz berishsiz tasdiqlangan.
Uning nomzodini ilgari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish tavsiya qilgan edi. Bungacha ushbu lavozimni Chili vakili Mishel Bachelet egallab kelatyotgan edi.
Turk bundan avval Guterrishning siyosiy yordamchisi bo‘lib ishlagan. Ungacha esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha Oliy Komissarligida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. 2015-2019-yillarda BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarining o‘rinbosari bo‘lgan.
Turkning salafi Mishel Bacheletning vakolati 31 avgustda tugadi. Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarning vakolat muddati to‘rt yil. U vakolat muddati tugashidan bir necha soat avval Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida inson huquqlarining buzilishi haqida hisobot e’lon qildi.
Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, Xitoyning repressiv va kamsitish amaliyoti barcha chegaralardan oshib ketgan, ko‘plab aholi hibslar va qayta tarbiyalash lagerlarida majburiy mehnat tufayli oilasidan ajralib qolgan yoki bosim tufayli mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.
Hisobot Pekinni qayta tarbiyalash lagerlari, qamoqxonalar va shunga o‘xshash hibsxonalarda o‘zboshimchalik bilan ushlab turilganlarni zudlik bilan ozod qilishga, Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi oilalari ular bilan bog‘lana olmagan shaxslarning qayerda ekani haqida ma’lumot berishga, terrorizmga qarshi qonunlarni qayta ko‘rib chiqishga, Milliy xavfsizlik va ozchiliklar huquqlari bo‘yicha zudlik bilan qayta tarbiyalash lagerlaridagi huquqlar poymol etilishi bo‘yicha tekshiruvni tashkil etish va mintaqadagi masjidlar, ibodatxonalar va qabristonlarning vayron qilingani haqidagi da’volarga aniqlik kiritib, aniq ma’lumotlarni taqdim etishga chaqirish bilan yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva va hozirda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Komil Allamjonov Jenevada BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashib, uni O‘zbekistonga taklif qilgan edi.
LiveBarchasi