BAAda ob-havoning “qizil” darajali xavfi e’lon qilindi

Olam

image

Birlashgan Arab Amirliklari Milliy meteorologiya markazi mamlakatning bir qancha hududlarida ob-havoning “qizil darajali” xavfini e’lon qildi. Bu haqda “Khaleej Times” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, BAAda yomg‘ir va kuchli shamol kuzatilmoqda. Dubayni qamrab olgan qum bo‘roni fuqarolar hayotiga xavf solishi mumkin. Shu sabab rasmiylar aholini bir necha kunlik beqaror ob-havoga tayyorlanishga chaqiryapti.

O‘ta xavfli ob-havo sharoitida katta vayronagarchilik va falokatlar ehtimoli saqlanib qolmoqda. Haddan tashqari intensivlikdagi meteorologik hodisalar jiddiy moddiy zararni keltirib chiqarishi va odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin. 

Kecha, 14 avgust kuni Abu-Dabi rasmiylari avtomagistrallarda 500 metrdan kam bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘rinish keskin pasayganligi sababli haydovchilarga faqat favqulodda holatlarda rulga o‘tirishini tavsiya qilgandi. Sinoptiklarning ta’kidlashicha, mamlakatda bir necha kunlik beqaror ob-havoga hozirlik ko‘rilmoqda – yomg‘ir yog‘ishi va qumni havoga ko‘taradigan kuchli shamol kutilmoqda.

BAAda yomg‘irli va changli ob-havo kamida 26 avgust kuniga qadar davom etishi mumkin, shu sababli havo harorati pasayadi. Ayrim hududlarda shamol tezligi soatiga 40 kilometrga yetishi ehtimoli bor.

Sinoptiklar aholini yaqin kunlarda imkon qadar hushyor bo‘lishga, vodiylar hamda suv bosgan hududlarga, shuningdek, ko‘chki va sel kelishi xavfi mavjud joylarga bormaslikka chaqirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Birlashgan Arab Amirliklari

Baholaganlar

483

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing