BAA Prezidenti Putin bilan uchrashdi (video)
Olam
−
21 Oktabr
5840Qozondagi BRICS sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Rossiyaga borgan Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Putin bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Kreml tomonidan e’lon qilingan videoyozuvdan olingan parchaga ko‘ra, muzokaralar ikki davlatning hukumat vakillari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda o‘tmoqda. Uchrashuv davomida tomonlar Rossiya-BAA hamkorligining holati va rivojlanish istiqbollarini, xalqaro kun tartibidagi masalalarni, jumladan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasidagi vaziyatni muhokama qilgan.
BAA rahbari tashrifining rasmiy dasturi bugun, 21 oktyabr kuni boshlandi. Rossiyaga ushbu safari doirasida u, jumladan, 22-24 oktyabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadigan BRICS sammiti tadbirlarida ishtirok etadi. Bir kun avval Kreml matbuot xizmati Putin BAA Prezidentini Moskva yaqinidagi Novo-Ogaryovo qarorgohida norasmiy kechki ovqat uchun qabul qilgani haqida xabar bergan edi. Unda Rossiya rahbari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga mos ekanini, tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi uch yilda uch barobarga oshganini ta’kidlagan.
Putin, shuningdek, BAA rahbariga Ukrainadagi mojaro doirasidagi gumanitar muammolarni hal qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov ikki davlat rahbarlarining Novo-Ogaryovodagi norasmiy uchrashuvi deyarli yarim tungacha davom etganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlar o‘rtasidagi muloqot bir qator masalalar bo‘yicha “juda shiddatli”, konstruktiv va ishonchli o‘tgan.
Rossiya Prezidenti Moskva va Abu-Dabi o‘rtasidagi bunday munosabatlarni Shayx Muhammadning shaxsiy xizmatlari deb atadi. Ikki davlat rahbarlari muntazam aloqalarni davom ettirmoqda – Muhammad bin Zoid Ol Nahayon prezidentligi boshlanganidan buyon ular bir-biriga ko‘p marta qo‘ng‘iroq qilgan va uch marta shaxsan uchrashgan. Oxirgi uchrashuv Putinning BAAga tashrifi chog‘ida bo‘lgan.
Rossiya 2024 yilda BRICSʼga raislik qiladi. Bu yil assotsiatsiyaga Misr, Efiopiya, Eron, BAA va Saudiya Arabistoni qo‘shildi. BRICS tarkibiga Rossiya Federatsiyasi, Braziliya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika ham kiradi.
30 dan ortiq davlat rahbarlari BRICSʼning 16-sammitida ishtirok etishini allaqachon tasdiqlagan. Sammitda Yangi Taraqqiyot Banki prezidenti Dilma Russeff ham chiqishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon rasmiy tashrif bilan Rossiyaga borishi xabar qilingandi.
LiveBarchasi