Ba’zi masalalar hamon xavotirga solmoqda – Oliy sudda xalqaro diplomatlar nimalar dedi?
Jamiyat
−
18 yanvar 2020
5947Oliy sud yig‘ilishida bir qator diplomatlar, xalqaro tashkilot vakillari sud-huquq sohasida takliflar berishdi. Islohotlarda, korrupsiyaga qarshi kurashda sud mustaqilligi masalasiga alohida to‘xtalishdi.
Kecha, 15 yanvar kuni Oliy sud binosida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirdagi ma’ruzasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, UNICEF vakili, xorijiy davlat elchilaridan iborat diplomatik korpus va O‘zbekiston rasmiylari o‘rtasida yig‘ilish o‘tkazildi. Mezbonlikni Oliy sud o‘z zimmasiga oldi.
AQSH, Germaniya, Fransiya elchilari va xalqaro tashkilot vakillari o‘z nutqida Oliy sud tashkilotchiligiga minnatdorlik bildirishdi va o‘z tavsiyalarini berishdi.
Ba’zi masalalar hamon xavotirga solmoqda
Sasha Graumann, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:
– Mamlakatdagi islohotlar voyaga yetmaganlar sohasida ham amalga oshirilmoqda. Shu jumladan, prokuratura ham ba’zi bir insidentlarni o‘rganib chiqdi, surishtiruv o‘tkazdi. Ba’zi masalalar hali-hamon xavotirga solmoqda. Biz bu masalalarning yechimini kuzatib boramiz. Bilamizki, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy surishtiruv ishlari olib borish amaliyoti bekor qilindi.
Bir qator voyaga yetmagan mahbuslar uchun tashkil etilgan koloniyalar yopildi. Biz UNICEF’da O‘zbekiston hukumati bilan ushbu masalalar bo‘yicha ishimizni davom ettirishga tayyormiz. Jumladan, ushbu tizimda ijtimoiy mutaxassislarni tayyorlash, mahbuslarni kelgusidagi erkinlikka tayyorlash, O‘zbekiston o‘zi ham milliy yustitsiyasi va buni xalqaro andozalarga mos kelishini ta’minlashda yordam berishga doim tayyormiz.
Diyego Garsiya-Sayan tashrifining hisoboti chop etiladi
Matilda Dimovska, BMT TDning O‘zbekistondagi doimiy vakili:
– Yanada takomillashtirilishi lozim bo‘lgan yo‘nalishlar ham mavjud. Bu inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalar me’yorlari va normalarini yanada to‘laqonli holda hokimiyatda amalga oshirish masalasidir. Advokatlar mustaqilligi ham shu masala doirasida. BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning tashrifi to‘g‘risida aytildi. Bu yil iyun oyida bu tashrif natijalari bo‘yicha maxsus hisobot chop etiladi. O‘ylaymizki, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz uchun ham alohida bir yo‘nalish sifatida xizmat qiladi. Qolaversa, bu maxsus sud organlarining mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning mustaqkam zamini bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tmishni unutib, yangi imkoniyatlardan foydalanish manfaatlarimizga xizmat qiladi
Gyunter Overfeld, Germaniya federatsiyasining O‘zbekistondagi elchisi:
– Sud tizimidagi islohotlar ko‘p elementlarning bittasi emas, balki butun islohot jarayonining markazida joylashgan. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasining amalga oshishiga Markaz mas’uldir.
Qamoqxonalarga tashrif va Qizil Xoch masalasida fikr yuritsak. Biz shunday bosqichga keldikki, O‘zbekistonda va butun xalqaro hamjamiyatda haqiqatan o‘tmishni unutib, mana shu yilning boshida ochilayotgan imkoniyatlardan foydalanib yangi zamin yaratishga, konstruktiv munosabatlarni tuzishga qaratilgan harakatlar to‘g‘risida bosh qotirilsa, bunday harakat barchamizning manfaatlarimizga xizmat qilardi.
Prezidentning o‘zi aytganidek, bu islohotlarni davom ettirish lozim. Keyingi yillarda qabul qilinayotgan qonunlar, jumladan davlat-hususiy sherikchilik to‘g‘risidagi qonunni aytib o‘tdi. Bu qonun juda ham muhim. Bu qonunni sog‘liqni saqlash, kommunal xizmatlar va boshqa sohalarda amalga tatbiq etish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bizning nuqtai-nazarimizdan kelib chiqadigan bo‘lsak, sudlarning mustaqilligi borasida yanada ko‘proq ishlar olib borish lozim. Chunki, sudlar mustaqilligi korrupsiyaga qarshi kurash bilan chambarchas bog‘liq. Bu nafaqat fuqarolik sudlari, balki umuman huquq tizimini, advokatura institutini yanada takomillashtirishda alohida o‘rin tutadi.
Advokatlarning yangi avlodini tayyorlash va ular bilan yanada yaqindan ishlab, ularning salohiyatini oshirish lozim. Yaxshi advokatlar bo‘lsa, barcha mamlakatlarda iqtisodiy soha bo‘ladimi, inson huquqlari bo‘ladimi, bularning barchasi samarali amalga oshirilgan bo‘ladi.