Bahodir Jalolov navbatdagi jangini qachon o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi

Sport

image

Og‘ir vazn toifasida o‘zbekistonlik professional bokschi Bahodir Jalolov navbatdagi jangini qachon o‘tkazishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda u hamkorlikda ishlayotgan Top Rank promouterlik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Jalolov navbatdagi jangini 26 avgust kuni AQSHning Oklaxoma shtati, Tulsa shahrida bo‘lib o‘tadigan katta boks oqshomida o‘tkazadi. O‘sha kuni unga kim raqiblik qilishi hali noma’lum, biroq jang asosiy karddan o‘rin olgan. Bu esa uning endigi raqibi ham reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha o‘zidan past emasligini ko‘rsatadi.

Shuningdek, mazkur boks oqshomining markaziy jangi amerikalik Jared Anderson (15-0-0) hamda ukrainalik Andrey Rudenko (35-6-0) o‘rtasida kechadi.

Ma’lumot uchun,  Bahodir Jalolov professional faoliyati davomida 12 ta jangda ishtirok etgan bo‘lib, ularning barchasida muddatidan oldin g‘alabaga erishgan. U so‘nggi jangini 2022 yilning 27 noyabr kuni amerikalik Kyortis Xarperga qarshi o‘tkazib, 4-raundda nokaut evaziga g‘alaba qozongan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bahodir Jalolov dunyoning eng nomdor Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan edi. Shu paytga qadar Lou DiBellaning DiBella Entertainment kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan bokschi endilikda afsonaviy Bob Arumning mijozi sifatida ringga ko‘tariladi.


Maqola muallifi

Teglar

boks professional boks Bahodir Jalolov Top Rank

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing