Ajrimda yarashish muddati berilmasligi mumkin
Jamiyat
−
11 sentabr 2339 3 daqiqa
O‘zbekistonda er-xotindan biri zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchragani, alkogol yoki narkotik moddalarga ruju qo‘ygani, OITSga chalingani yoxud uch yil sababsiz uzluksiz birga yashamagani nikohdan ajratishda yarashishga muddat bermaslik uchun asos sifatida belgilanishi taklif etilmoqda. Bu haqda bugun, 11 sentyabr kuni Senatning yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova ma’lum qildi.
Uning aytishicha, oilaviy munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan – mazkur loyiha bugungi kunda Prezident Administratsiyasida.
“Nikoh yoshini kamaytirishning va yarashtirishga muddat bermasdan nikohdan ajratishning aniq tugal asoslarini belgilash. Ya’ni, nikoh yoshini hali aytib o‘tganimdek, faqat homiladorlik yoki bola tug‘ilganda bir yilga kamaytirish, shuningdek, nikohdan ajratish asoslari sifatida muddat bermasdan, er-xotindan biri zo‘ravonlik yoki tazyiqqa uchragani, alkogol, narkotik moddalarga ruju qo‘ygani, OITSga chalingani, uch yil sababsiz uzluksiz birga yashamagani sifatida belgilash taklif etilmoqda”, deydi Dilnoza Kattaxonova.
Shuningdek, ajrim yoqasidagi oilalar bilan ishlashda har bir xotin-qiz bo‘yicha individual dastur tuzish amaliyoti joriy qilinayotgani aytilgan. Bunda nafaqat ayol, balki uning oilasining har bir a’zosi qamrab olinadi va har bir oila a’zosining muammosidan kelib chiqib, aniq vazifalar hamda mas’ullar belgilanadi.
“Ya’ni, ajrim sababi bandlik, uy-joy, salomatlik, psixologik yoki huquqiy muammo bilan bog‘liq bo‘lsa, oilaga tegishli xizmatlar bir vaqtning o‘zida kompleks ravishda ko‘rsatilishi, demak, vazifa sifatida belgilanmoqda”, deydi qo‘mita raisi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 10 million 505 ming 139 ta oila mavjud. 2026 yilning yetti oyida 115 ming 879 ta yangi nikoh qayd etilgan. Shu davrda 29 ming 353 ta ajrim holati kuzatilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1 470 taga yoki 5 foizga ko‘p. Biroq yil boshidan hozirgi kungacha ajrimlar o‘sish sur’atida ijobiy dinamika kuzatilgan: yanvar oyida bu ko‘rsatkich 11 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, iyul oyiga kelib 5 foizga pasaygan. Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda ajrimlar oshgani, Namangan va Andijonda esa kamaygani qayd etilgan.
Ajrimlar sabablari ham majlisda alohida tahlil qilingan. Dilnoza Kattaxonovaning aytishicha, sudlarga bo‘lgan murojaatlarda ajrim sabablarining 54 foizida xarakterning bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi, o‘zaro ishonchsizlik yoki oilaga tayyor emaslik kabi vajlar keltirilmoqda. Ushbu sabablar bir-biriga qo‘shilganda 60 foizdan ortiqni tashkil etadi.
“Shu ajrim masalasini alohida tahlil qilganimizda, bizda ikkita asosiy sabablar shakllanyapti. Birinchisi, bu sudlarga bo‘lgan murojaatlarda 54 foiz sabablar orasida umuman asosli bo‘lmagan, ya’ni xarakteri bir-biriga to‘g‘ri kelmaslik yoki o‘zaro ishonchsizlik, oilaga tayyor emasligi degan vajlar keltirilmoqda. Demak, bularni bir-biriga qo‘shganda 60 foizdan oshiq sabab sifatida ko‘rsatilyapti, ya’ni bular bilan bemalol “mahalla yettiligi” ishlab, bu sabablarni bartaraf etish imkoniga ega”, deydi Kattaxonova.
Shuningdek, ijtimoiy fikr o‘tkazilgan tadqiqotda ham ajrimlarga olib kelayotgan omillar o‘rganilgan.
“Ijtimoiy fikr o‘tkazgan tadqiqotda ham ajrimlarning sabablari sifatida so‘rovnomadan o‘tganlarning 50 foizida o‘zaro ishonchsizlik, 46 foizida bir-birini tushunmaslik, 34 foizida moddiy yetishmovchilik va 29 foizda uchinchi shaxs aralashuvi sifatida sabablar keltirilyapti”, deydi Kattaxonova.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda nikoh yoshini bir yilga kamaytirishga faqat homiladorlik yoki bola tug‘ilgan holatlarda ruxsat berish taklif etilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi