Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun QQS imtiyozi 4 oyga uzaytirilishi kutilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qo‘shimcha qiymat solig‘idan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma’lum qildi. Deputatning qayd etishicha, uning imtiyoz borasida Hukumatga kiritgan taklifi bugun, 23 dekabr kuni ma’qullangan. 

Gap shundaki, joriy yilda Parlament tomonidan 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatda kungaboqar va soya urug‘lari hamda o‘simlik yog‘i importi, shuningdek o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizatsiya qilish QQSdan ozod etilgandi.

Bundan tashqari, ikki oy avval soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga asosan 2021 yil 10 oktyabrdan joriy yil oxirigacha go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish ham QQSdan ozod qilingandi. 

“Yaqinda bo‘lib o‘tgan Byudjet loyihasi muhokamasi doirasida 2022 yilda inflatsiya darajasini joriy yilga nisbatan pasaytirish, aholini xarid qobiliyatini oshirish va eng asosiysi iste’mol tarkibidagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida Hukumat vakillari, jumladan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Anvarovichdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun joriy yil oxirigacha berilgan QQS imtiyozlari muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragandim.

Bugun Parlamentga Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olinib, joriy yil oxirigicha berilgan imtiyozlar muddati yana 4 oy muddatga cho‘zilishi nazarda tutilmoqda”, deb yozadi G‘aniyev. 

Ushbu qonun loyihasiga asosan 2022 yil 30 aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:

•    O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danagini olib kirish;

•    o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;

•    go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.

Qonun loyihasi kelgusi parlament yalpi majlisida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgach, ma’qullansa, Senatga yuboriladi. Shunga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qo‘shimcha qiymat solig‘idan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

71

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing