“Ayntraxt” Yevropa ligasi g‘olibi bo‘ldi

Sport

image

Germaniyaning “Ayntraxt” futbol klubi finalda Shotlandiyaning “Glazgo Reynjers” jamoasini mag‘lub etib, UEFA Yevropa ligasi g‘olibi nomini qo‘lga kiritdi. O‘yin Ispaniyaning Sevilya shahridagi “Ramon Sanches Pisxuan” stadionida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakunlandi. “Reynjers” hujumchisi Jo Aribo 57-daqiqada hisobni ochdi. “Ayntraxt” Rafael Borrening goli evaziga hisobni tenglashtirdi (69-daqiqa).

Qo‘shimcha bo‘limlarda esa gol urilmadi. Penaltilar seriyasida esa “Ayntraxt” futbolchilari aniqroq chiqishdi – 5:4.

"Ayntraxt" ikkinchi marta Yevropa ligasida g‘olib bo‘ldi. Klubning avvalgi unvoni 1980 yilda qo‘lga kiritilgan, o‘shanda “Ayntraxt” UEFA Kubogini yutgan (2009 yilda u UEFA Yevropa ligasiga aylantirilgan). Yevropa Ligasidagi g‘alaba evaziga Frankfurtning “Ayntraxt” klubi o‘z tarixida birinchi marta Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Bu yil asos solinganining 150 yilligini nishonlayotgan “Reynjers” so‘nggi 14 yil ichida ilk bor yevrokubok finalida o‘ynadi – 2008 yilda klub UEFA Kubogi finaliga chiqqan va u yerda Sankt-Peterburgning “Zenit”iga (0:2) mag‘lub bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

136

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing