Ayiq bilan jang qilgan chempion
Intervyu
−
22 yanvar
3097Havaskor boksda mutlaq yetakchiga aylanib olgan o‘zbek bokschilari oxirgi paytlarda profboksda ham yaxshigina o‘sishga erishmoqda. Bir nechta vaznlarda o‘zbek bokschilari kamarlar uchun da’vogarlik qilmoqda. Ana shunday bokschilardan biri havaskor boksda Olimpiada sovrindori bo‘lgan va hozirda profringda WBA kamariga majburiy da’vogar bo‘lib turgan Shahram G‘iyosov hisoblanadi.
Oxirgi jangida meksikalik Migel Parrani mag‘lub etib, o‘z vaznida kamar uchun jang qilish imkoniyatini qo‘lga kiritgan G‘iyosov bo‘lajak jangini WBA chempioni, litvalik Eymantas Stanionisga qarshi o‘tkazishi kerak, biroq Stanionis G‘iyosov bilan jangdan qochmoqda.
Gap shundaki, yarimo‘rta vazn toifasida IBF chempioni Jeyron Ennis hamda WBA chempioni Eymantas Stanionis o‘zaro jang qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazmoqda, lekin G‘iyosovning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, Stanionis G‘iyosovdan rozilik olmasdan Ennis bilan jang qila olmaydi.
“Hozirda mening promouterlarim bilan Stanionisning tomoni kelisha olmayapti. Raqib tomoni jang uchun katta mablag‘ so‘rayapti. Biz ular aytgan pulni to‘lay olmaymiz. Keyin ular bo‘lajak jang bo‘yicha o‘z shartlarini qo‘ymoqda. Ular xohlagan manzilda, ular tanlagan hakamlar kuzatuvi ostida jang qilishimiz kerak ekan. Men xuddiki, Stanionisga o‘lja bo‘lib berishim kerak, lekin bunday bo‘lmaydi. U xohlagan manzilda jang qilishim mumkin, lekin boshqa shartlarini qabul qila olmayman. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Taxminan 3 hafta ichida bu jang taqdiri aniq bo‘ladi”, deydi G‘iyosov.
Qayd etish joiz, Stanionis G‘iyosovga begona raqib emas. Tomonlar 2016 yil Rioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada o‘zaro to‘qnash kelgan va o‘shanda o‘zbekistonlik jangchi g‘alaba qozongan.
QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida G‘iyosov bir necha kun avval ayiq bilan o‘tkazgan mashg‘uloti bilan bog‘liq holatga ham izoh berdi.
“Hech qanaqa shov-shuv bo‘lishi uchun ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazmagandim. Ayiqning egasi o‘zimning do‘stim edi. U doim ayig‘im bilan jang qilasanmi, deb aytardi. Men ayiqni qiynamadim, ustidan ham kulmadim, faqatgina ayiq bilan kurashdim. To‘g‘ri uning og‘zi yopilgan edi, lekin ayiqning og‘zi ochiq bo‘lsa meni jiddiy jarohatlashi mumkin edi. Bu ishim uchun jazolandim, lekin hech narsani ataylab qilmagandim”, deydi G‘iyosov.
Shuningdek, intervyu davomida 31 yoshli bokschi o‘z vaqtida Shohjahon Ergashev bilan bo‘lgan tresh-tok, profboksdagi asosiy maqsadi va faoliyatini qachon yakunlashi bilan bog‘liq savollarga ham javob qaytardi.
LiveBarchasi