Ayollar uchun eng qulay davlatlar reytingi e’lon qilindi

Bu qiziq

image

O‘zbekiston ayollar farovonligi, huquqlari va xavfsizligini baholovchi xalqaro reytingda 181 davlat orasida 98-o‘rinni egalladi. Mamlakatning indeksdagi ko‘rsatkichi 0,674 ballni tashkil etgan. Bu haqda Jorjtaun universitetining Ayollar, tinchlik va xavfsizlik instituti xabar berdi.

Mazkur indeks ayollarning jamiyatdagi ishtiroki, adolat va xavfsizligini 13 ta ko‘rsatkich asosida baholaydi. Unda ta’lim, bandlik, moliyaviy xizmatlardan foydalanish, parlamentdagi vakillik, huquqiy tenglik, adolatga erishish, onalar o‘limi, oiladagi zo‘ravonlik va jamoat xavfsizligi kabi mezonlar hisobga olinadi.

MDH davlatlari orasida Moldova 36-o‘rin (0,821 ball), Armaniston 56-o‘rin (0,762), Belarus 63-o‘rin (0,739), Qozog‘iston 72-o‘rin (0,722), Turkmaniston 74-o‘rin (0,720), Rossiya 75-o‘rin (0,718), Qirg‘iziston 84-o‘rin (0,697) va Tojikiston 89-o‘rin (0,685)ni egallagan. O‘zbekiston esa 98-o‘rinda. Ushbu taqqoslashda O‘zbekistondan pastda faqat Ozarbayjon – 111-o‘rinda turibdi.

Shu tariqa, indeksda Markaziy Osiyoning besh davlati orasida Qozog‘iston eng yuqori – 72-o‘rinda, undan keyin Turkmaniston (74), Qirg‘iziston (84), Tojikiston (89) va O‘zbekiston (98) joylashgan.

Reytingning eng yuqori beshligini Shimoliy Yevropa davlatlari egallagan. Daniya 0,939 ball bilan birinchi, Islandiya 0,932 ball bilan ikkinchi, Norvegiya va Shvetsiya 0,924 balldan uchinchi, Finlyandiya esa 0,921 ball bilan beshinchi o‘rinda qayd etilgan.

Reytingning eng quyi uchligi esa Afg‘oniston, Yaman va Markaziy Afrika Respublikasidan iborat. Afg‘oniston 0,279 ball bilan 181-o‘rinda, Yaman 0,323 ball bilan 180-o‘rinda, Markaziy Afrika Respublikasi 0,362 ball bilan 179-o‘rinda joylashgan.

Jorjtaun institutining qayd etishicha, 2025/26 yilgi indeksda ayollar huquqlari va farovonligi bo‘yicha global taraqqiyot sezilarli darajada sekinlashgan. Tadqiqot 181 davlatni qamrab olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston yashash uchun eng yaxshi davlatlarning joriy yilgi xalqaro reytingida Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘istondan keyin ikkinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing