Ayol “jin chiqarish” marosimida o‘g‘lini o‘ldirib qo‘ydi
Olam
−
02 iyun 19772 2 daqiqa
AQSHning Florida shtatida 41 yoshli ayol o‘zining 6 yoshli o‘g‘lini “jin chiqarish” marosimida o‘ldirganlikda ayblanmoqda. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayol bolaning tanasida “jin chiqarish” marosimini o‘tkazishga uringan. Afsuski, bu marosim bolaning halok bo‘lishi bilan yakunlangan.
“Onasi bilan suhbat davomida biz shuni bildikki, u boladagi jinlarni chiqarishni Xudo buyurganiga chin dildan ishongan. Bola harakatsiz holga kelib, amalda vafot etganidan so‘ng, u bu holatni bolaning jinlardan tozalangani deb talqin qilgan va u bola yana tirilib keladi deb, uni kutishda davom etgan”, deya nashrga izoh bergan politsiya vakillari.
Huquq-tartibot organlari bola jasadini taxminiy o‘lim sanasidan 12 kun o‘tib topgan. Shu vaqt ichida jasad allaqachon chiriy boshlagan edi. Ayni paytda ona o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida faol bo‘lib, u yerda diniy mazmundagi postlar va osmondan berilgan vahiylar haqidagi yozuvlarni ulashishda davom etgan.

Politsiyachining so‘zlariga ko‘ra, ayol oxirgi oylar ichida ruhiy jihatdan beqaror va yakkalanib qolgan.
Mazkur hodisa yuzasidan ayolga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, u hibsga olingan. Yaqin orada sud uning qamog‘ini uzaytirish yoki ozodlikka chiqarish masalasini ko‘rib chiqadi. Shuningdek, u ruhiy holatini aniqlash uchun psixiatriya ekspertizasidan ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Tehron viloyatiga qarashli Islomshahr shahrida erkak o‘zining 18 yoshli qizi Fotima Sultoniyni go‘zallik salonida ishlayotganini bilib qolganidan so‘ng omma oldida pichoqlab o‘ldirgandi. Sultoniy otasining salbiy munosabatidan qo‘rqqani uchun go‘zallik salonida yashirincha ishlay boshlagan. Aytilishicha, erkak ilgari ham xotini va qiziga nisbatan muntazam zo‘ravonlik qilgan.
Live
Barchasi