Aybdorlar muqarrar jazoga tortiladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
03 iyul 2022
14137Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
“Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orolbo‘yi hududining o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan doimo Orol muammosiga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratib kelmoqdamiz.
To‘liq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham albatta izchil sur’atlarda davom ettiriladi.
Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir.
Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil, jumladan, chetdan bo‘layotgan g‘arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.
Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.
Aminmanki, Qoraqalpog‘istonning mehnatkash, donishmand, olijanob va bag‘rikeng eli mana shunday murakkab davrda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, og‘izbirchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashaydi.
Sodir bo‘lgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir bo‘lishga chaqiradi. Bugun jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir", deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi