Avj pallaga kirgan Yevro va mundial saralashi

Sport

Eski tanishlari bilan to‘qnashadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi, Yevro-2024da rezonansga sabab bo‘layotgan Gruziya va Prezident bilan telefonda suhbatlashgan turk futbolchilari bugun diqqat markazimizda. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZda sport dayjesti.

Qur’a O‘zbekiston uchun omadli bo‘ldimi?

27 iyun kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahrida futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati Osiyo qit’asi bo‘yicha 3-bosqich bahslariga qur’a tashlandi.

Qur’a natijalariga ko‘ra, sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanets murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi “A” guruhidan joy oldi. Guruhda O‘zbekistonga KXDR, Qirg‘iziston, BAA, Qatar va Eron terma jamoalari raqiblik qiladigan bo‘ldi.

Qayd etish joiz, FIFA 2026 yilgi AQSH, Meksika va Kanada mezbonlik qiladigan mundial uchun Osiyo qit’asiga 8,5 ta yo‘llanma ajratgan. Saralashning 3-raundida guruhda 1-2 o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mundial yo‘llanmasiga ega chiqadi. 3-4 o‘rin egalari esa 4-bosqichda qolgan mundial yo‘llanmalari taqdirini hal qiladi.
Ma’lumot uchun, Osiyo qit’asida 3-saralash bosqichi bahslari sentyabr oyida boshlanadi.

BRICS o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 114 ta medal oldi

Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRICS o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 114 ta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar berdi.

Bugun, 24 iyun kuni o‘z poyoniga yetgan 6-BRICS o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar 17 ta oltin, 39 ta kumush va 58 ta bronza, jami 114 ta medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumot uchun, 13-24 iyun kunlari 90 ta jamoa ishtirokida kechgan o‘yinlarda Rossiya birinchi, Belarus ikkinchi hamda Xitoy jamoalari uchinchi o‘rinni band etdi.

Gruziyaning Yevrodagi g‘alabasidan keyin Tbilisi aholisi oyoqqa turdi

O‘n minglab odamlar futbol bo‘yicha Gruziya milliy terma jamoasining Yevropa chempionati pley-off bosqichiga yo‘llanma olganini nishonlash uchun Tbilisi ko‘chalariga chiqdi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Gruziya terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor yirik xalqaro turnirning final bosqichiga chiqdi. 26 iyun kuni gruzin futbolchilari Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa chempionati guruh bosqichining so‘nggi turida Portugaliya terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning pley-off bosqichiga yo‘l oldi.

Gruziya poytaxti aholisi Tbilisining markaziy ko‘chalarini to‘ldirdi. Qisqa vaqt ichida ko‘chalar mashinalar bilan to‘lib, tirbandlik yuzaga keldi, natijada poytaxtdan oqib o‘tuvchi Kura daryosining o‘ng va chap qirg‘oqlarida transport harakati butunlay to‘xtatildi. 

Xuddi shunday holat Tbilisi chekkasida ham kuzatildi. Gldani poytaxti hududida avtomobil ixlosmandlari drift-shou uyushtirdi. 

Futbol muxlislari uchun Gruziyadan Germaniyaga 4 ta charter reys amalga oshiriladi

Gruziya hukumati Yevropa chempionati 1/8 finali doirasida Kyolnda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Gruziya va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga ko‘rishni xohlovchilar uchun Germaniyaga to‘rtta subsidiyali charter reyslarni yo‘lga qo‘yishga qaror qildi. Bu haqda Gruziya aeroportlari assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

“Biz Ispaniya terma jamoasi bilan bahsda tarixiy natija qayd etishimiz kerak, buning uchun Gruziya hukumati ko‘rsatmasi bilan imkon qadar ko‘proq gruziyalik muxlislarni stadionga safarbar qilish kerak. “Aeroportlar assotsiatsiyasi” milliy terma jamoamiz guruh bosqichida Portugaliya terma jamoasini mag‘lub etib, pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritishi bilanoq qo‘shimcha charter reyslarini rejalashtirish ustida ishlay boshladi”, deydi Gruziya aeroportlari assotsiatsiyasi rahbari Irakliy Karkashadze.

Chiptalar sotuvi allaqachon boshlangan. Bir tomonlama samolyot chiptasi 195 yevro turadi. Jadvalga ko‘ra, 29 iyun kuni soat 12:00 da Tbilisi - Kyoln reysi va shu kuni soat 19:00 da ushbu yo‘nalish bo‘yicha ikkinchi reys amalga oshiriladi. 30 iyun kuni soat 04:30 da Gruziya poytaxtidan Kyoln yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi reys amalga oshiriladi. Va 2 iyul kuni soat 15:00 da Kyolndan Tbilisiga parvoz bo‘ladi.

Gruziya terma jamoasiga 10 million dollar mukofot berildi

Gruziya terma jamoasi futbolchilari Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa chempionatining pley-off bosqichiga chiqqani uchun va’da qilingan 30 million dollar pul mukofotidan 10 million dollarini olib ulgurdi. Bu haqda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ma’lum qildi.

“Guruhdan chiqish uchun belgilangan dastlabki 30 million dollar allaqachon terma jamoaga o‘tkazildi va terma jamoa futbolchilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda biz ularga navbatdagi o‘yindagi g‘alaba uchun mukofot pullari taqdim etilishini eslatdik”, deydi Kobaxidze.

26 iyun kuni Gruziya terma jamoasi guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida Portugaliya terma jamoasini mag‘lub etdi (2:0) va turnirning pley-off bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 1/8 finalda gruziyaliklar 30 iyun kuni Ispaniya bilan to‘qnash keladi.

Qayd etilishicha, jamoa pley-offdagi har bir g‘alaba uchun 30 million dollar mukofot puli oladi. Bundan tashqari, Kobaxidze aytganidek, Gruziya hukumati futbol jamoasiga tarixda ilk bor Yevropa chempionati final bosqichiga chiqqani uchun 3 million dollar ajratadi.

Erdo‘g‘an telefon orqali Turkiya terma jamoasi futbolchilari bilan gaplashdi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining pley-off bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan Turkiya milliy terma jamoasi futbolchilari va murabbiylar shtabi bilan bog‘landi.
Erdo‘g‘an terma bosh murabbiyi Vinchenso Montella bilan suhbat qurdi.

“Umid qilamanki, biz Avstriya bilan o‘yinga tayyorgarlikni munosib tarzda davom ettiramiz va zarur bo‘lgan hamma narsani qilamiz”, dedi Prezident Montellaga.

Erdo‘g‘an Turkiya terma jamoasi sardori Xakan Chalxanogluga ham murojaat qildi.

“Sizni alohida tabriklayman, ajoyib gol urdingiz”, dedi Erdo‘g‘an Chalxanogluga. 

Erdo‘g‘an Chexiya bilan o‘yinda g‘alaba to‘pining muallifi Jenk Tosunga minnatdorlik bildirdi.

Ma’lumot uchun, Turkiya terma jamoasi pley-off o‘yinini Avstriyaga qarshi 3 iyul kuni o‘tkazadi.
Ronaldu Mbappe va Lukakuni ortda qoldirdi

Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2024 yilgi Yevropa chempionati guruh bosqichida zarbalar soni bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda UEFA rasmiy sayti xabar berdi.

Guruh bosqichidagi uchta o‘yin davomida portugaliyalik forvard 12 marta zarba yo‘llagan bo‘lsa, shundan atigi beshtasi aniq chiqdi. Bu borada Romelu Lukaku (Belgiya), Kilian Mbappe (Fransiya), Kay Havers (Germaniya), Aleksandr Mitrovich (Serbiya) va Kristian Eriksen (Daniya) raqiblar darvozasiga 10 martadan zarba berdi.
29 iyun kuni Yevropa chempionatining 1/8 final bosqichi o‘yinlari boshlanadi.

Yevropa chempionati 14 iyulga qadar bo‘lib o‘tadi. Turnirning amaldagi g‘olibi Italiya terma jamoasi hisoblanadi. 2021 yilda bo‘lib o‘tgan Yevro-2020 finalida italiyaliklar Angliya terma jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etdi.

Serbiya Prezidenti milliy terma jamoa Xorvatiya aviakompaniyasida mamlakatga qaytganidan jahli chiqdi

Serbiya terma jamoasi Yevro-2024'dagi muvaffaqiyatsiz ishtirokidan so‘ng Xorvatiya aviakompaniyasi samolyotida uyiga jo‘nab ketdi, bu esa Prezident Aleksandr Vuchichning g‘azabiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Serbiya parlamenti raisi Ana Brnabich ma’lum qildi.

“Bularning barchasi futbolchilar Serbiya uchun o‘ynab, kurashayotgan paytda terma jamoaga xalaqit bermaslik uchun oshkor qilinmagan. Lekin rost, shunday bo‘ldi. Bu sharmandalik. Prezident Vuchich bundan juda g‘azablandi. Bunday bo‘lishiga sababchi bo‘lgan shaxslar aniqlanishiga umid qilaman.  Bizda Air Serbia bor, biz doimo ushbu aviakompaniya bilan safarlarga chiqamiz. Serbiya Prezidenti ham uzoq safarlarga, masalan, Xitoyga borganida, u doimo Air Serbia bilan uchadi, chunki biz o‘z bayrog‘imiz tushirilgan samolyotga xorij aeroportlariga qo‘nganimizdan faxrlanamiz”, deydi Brnabich.

Serbiya terma jamoasi Yevro-2024 pley-off bosqichiga chiqa olmadi va jamoa “S” guruhda so‘nggi o‘rinni egalladi. Mazkur guruhdan Angliya va Daniya terma jamoalari nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Rasman: “Real” sardori Saudiya klubiga ko‘chib o‘tdi

“Real Madrid” klubining sardori Nacho Fernandes Saudiya Arabistonining “Al-Qodisiya” klubi futbolchisiga aylandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi. 

34 yoshli futbolchining yangi klubi bilan shartnomasi ikki yilga mo‘ljallangan. Nacho shu kunlarda Germaniyada bo‘lib o‘tayotgan Yevropa chempionatida Ispaniya terma jamoasi sharafini himoya qilmoqda.

“Real Madrid” 25 iyun kuni Nachoning ketishini e’lon qildi. O‘tgan mavsumda Nacho “qaymoqranglilar” safida 45 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirgan.

Ma’lumot uchun, Nacho aynan “Real Madrid” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Himoyachi 2011 yilda Madrid klubida debyut qilgan. Jamoa tarkibida u to‘rt marta Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritdi, mamlakatda ikki marta kubok va besh marta Superkubokka ega chiqdi, olti marta Yevropa Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, shuningdek, to‘rt marta UEFA Superkubogi va beshta klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini qo‘lga kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Gruziya O'zbekiston Qur'a BRICS FIFA 2026

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing