Avtomobillarni ijaraga berish soddalashtirildi
Jamiyat
−
12 fevral 2022
9032O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yilning 9 fevral kuni “Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Endilikda, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda, elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega buladi. Qo‘shimcha FKning 565-moddasiga kiritildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasining birinchi qismi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirildi. Endilikda, SSP xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari mustasno.
Shuningdek, SKning 483-moddasida belgilangan vaqtinchalik soliq imtiyozlarining muddati uzaytirildi. Agar ilgari QQS bo‘yicha imtiyoz 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha taqdim etilgan bo‘lsa, endi bu muddat 2021 yil 1 maydan 2022 yil 30 aprelgacha belgilandi. SKning 483-moddasi 10-qismida nazarda tutilgan imtiyoz ham 2022 yil 30 aprelgacha uzaytirildi.