Avtomobillarga stiker berishda pensiya daftarchasidan nusxa so‘raladi – Adliya vaziri
Jamiyat
−
02 aprel 2020
5331O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel soat 00:01 ga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)larsiz avtomobil boshqarish taqiqlandi.
Shundan so‘ng, stiker olishda turli qing‘ir yo‘llardan foydalanish boshlandi. Ilgari yetkazib berish xizmatida faoliyat yuritmagan mashinalarga ham maxsus ruxsatnoma olish boshlandi. Stiker olib berishda tanish-bilishchilik qilib, o‘rtaga tushadiganlar ham topildi. Yuzaga chiqqan bu kabi holatlarga Adliya vaziri Ruslanbek Davletov o‘z munosabatini bildirdi.
“Bu kabi holatlar bilan korrupsiyaga qarshi bo‘limimiz shug‘ullanyapti. Bundan tashqari, Adliya vazirligining markaziy apparatida har bir elektron arizani ko‘rib chiqilishini monitoring qiladigan guruh bor. Juda ko‘p holatda asoslarsiz, hujjatlarsiz berilgan bo‘lsa, biz hammasini bekor qilib, joyiga qo‘yib qo‘yapmiz”, dedi vazir.
Ruslanbek Davletov, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu mavzuga taalluqli turli xabarlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Yetkazib berish xizmati korxonalariga qo‘shimcha pul bersangiz, sizni korxonaga ishga olib, mashinangizga stiker olib berishayotgan holatlar uchramoqda. Bunga qarshi samarali tizim qildik. Avtomobil egasi korxonada yangi ishga olingan bo‘lsa, unga stiker berilmaydi. Mehnat daftarchasidan nusxa so‘rayapmiz.
Bundan tashqari, stiker berish jarayonini soliq bazasi bilan bog‘lab qo‘ydik. Ya’ni, agar o‘sha xodim ishlagan bo‘lsa, soliqlari va pensiya jamg‘armasiga o‘tkazilgan ajratmalari so‘raladi. Uning keyingi faoliyati ham monitoring qilinadi”, dedi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
LiveBarchasi