Avtomobilda xalqaro tashuv uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi
Jamiyat
−
07 iyul 2023
5128O‘zbekistonda avtomobilda xalqaro tashuv uchun ruxsatnoma berish tartibi belgilandi. Bu haqda “Avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Hukumat nizomi qabul qilindi.
Nizomga ko‘ra, ruxsatnomalarda avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga/dan tashish) va ulardan foydalanish shartlari ko‘rsatiladi.
Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga bo‘linadi:
• ikki tomonlama yuk tashish uchun;
• tranzit yuk tashish uchun;
• uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
• ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
• ikki tomonlama qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
• tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
• ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun.
Xorijiy va ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizani milliy tashuvchi o‘zining ERIsi bilan tasdiqlagan holda “Ye-avto ruxsatnoma” orqali takdim etadi va ariza olingan kundan 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Ruxsatnomani berish yoki rad etish “Ye-avto ruxsatnoma” AATda avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Ruxsatnomalar ular berilgan kundan 90 kalendar kun ichida vakolatli organga qaytarish sharti bilan tashuvchilarga beriladi.
Har bir beriladigan xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnoma uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rtdan biri (82 ming 500 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
Milliy tashuvchi tomonidan unga berilgan xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda, “Ye-avto ruxsatnoma” da avtomatik tarzda ushbu tashuvchiga – 3 oy muddatga, yil davomida qayta aniqlansa – 6 oy muddatga barcha xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalar berilishi to‘xtatiladi.
LiveBarchasi