Avtomobil tomida mushakbozlik qilgan shaxs 7 sutkaga qamaldi (video)
3-sahifa
−
09 avgust 4728 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida avtomobil tomiga chiqib, mushak otgan 21 yoshli yigit 7 sutkaga qamaldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs Yuqori Chirchiq tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘lida o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, harakatlanayotgan avtomobil tomiga chiqqan va pirotexnika vositalaridan foydalangan. Bu esa yo‘ldagi boshqa harakat ishtirokchilarining noroziligiga sabab bo‘lgan.
Toshkent viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari amalga oshirilib, haydovchi va bu ishlarni qilgan fuqaro aniqlangan.
“3 avgust kuni tog‘dan qaytayotganimizda mashinani ustiga chiqib, “salyut” otdim. Buni o‘zim tushundim, YHXX xodimlari ham tushuntirdi. Ishimizdan pushaymonmiz. Boshqa qaytarilmaydi”, deydi avtomobil tomiga chiqqan shaxs.
Mazkur holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan yo‘lovchining hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12810-moddasi (yo‘l bezoriligi) bilan, yo‘lovchiga esa jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimagani, yo‘l tartibini buzgani hamda pirotexnika vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalangani uchun 183-modda (mayda bezorilik) va 1851-modda (pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi) bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, ishga doir hujjatlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Yuqori Chirchiq tuman sudiga yuborilgan.
Sud qarori bilan 2004 yilda tug‘ilgan fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183- va 1851-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, transportni boshqargan haydovchi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12810-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, 1 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan hamda bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mashinasining old kapotiga himoya plyonkasini yopishtirib, uning ichiga suv to‘ldirib, baliqlarni solgan shaxs bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari – 1 million 125 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr