Avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi
Jamiyat
−
15 noyabr 2021
14819O‘zbekistonda 2022 yil 1 yanvardan avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yil uchun davlat byudjeti loyihasi va byudjetnomaga ko‘ra, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini to‘laqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022 yil 1 yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im to‘liq bekor qilinadi.
“Shuningdek, Moliya vazirligidagi manbalarga ko‘ra, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilishi kutilayotgan o‘zgartirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qat’i nazar, BHMning 3 barobari (810 ming so‘m) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi to‘lov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming) dan 10 barobarigacha (2mln. 700 ming)”, deya yozadi deputat.
Deputatning fikriga ko‘ra, “2022 yil uchun Davlat Byudjeti to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilinishi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartirish kiritish ortidan ikkilamchi bozordan sotib olingan avtomobilni rasmiylashtirish xarajatlari keskin kamayadi.
Amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan Nexia avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun o‘rtacha 5mln 535 ming so‘m xarajat talab qilinayotgan bo‘lsa, qonunchilikka yuqoridagi o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng (2022 yildan) bu xarajatlar taxminan 4 mln so‘mga kamayib, 1,6 mln so‘m atrofida bo‘ladi.
LiveBarchasi