Avstriyaning 35 yoshli kansleri iste’fo berdi 

Olam

image

Kecha, 9 oktyabr kuni Avstriya kansleri Sebastyan Kurs iste’foga chiqqanini e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.

Qayd etilishicha, u o‘zida Avstriya xalq partiyasida rahbarlikni hamda mamlakat parlamentiga a’zolikni saqlab qolgan.

Siyosatchi o‘z qarorini “tartibsizliklar kelib chiqishini oldini olish va barqarorlikni ta’minlash” istagi bilan izohlagan.

“Hozir ishonchni tiklash muhim. Vatanim men uchun shaxsiyatimdan ustun”, deydi u. Kurs kansler vazifasini bajarishga mamlakat Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenbergni tayinlashni taklif qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Avstriya prokuraturasi Kursni poraxo‘rlik va qonunbuzarlikda ayblab, unga nisbatan tergov boshlangan. Uning idorasida, partiyaning shtab-kvartirasida va Moliya vazirligida tintuv o‘tkazildi. Tergov harakatlari, xususan, Kursning rasmiy vakili Yoxannes Frishmann, ommaviy axborot vositalari komissari Gerald Fleyshman va maslahatchi Shtefan Shtayner ofislarida o‘tkazildi.

Kursdan tashqari yana to‘qqiz kishi va uchta tashkilotga nisbatan tergov olib borilmoqda. “Die Presse” nashrining yozishicha, kanssler atrofidagilar Avstriya xalq partiyasi haqida ijobiy sharhlar berilgan so‘rovlarni nashr qilish uchun “Österreich” (Avstriya) gazetasiga pora berganlikda gumon qilingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qonunbuzarlik 2016 va 2018 yillar oralig‘ida sodir etilgan. Mamlakat Moliya vazirligi partiya haqidagi ijobiy materiallarni joylashtirish evaziga nashrdagi reklamalarni moliyalashtirish uchun byudjet mablag‘laridan foydalangan.

Joriy yilning 6 oktyabr kuni kechqurun Kurs unga nisbatan qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan bayonot bilan chiqqandi: 

“Moliya vazirligining reklama yoki so‘rovnoma buyurtma qilishi mening ko‘rsatmam bilan amalga oshirilgani bo‘yicha hech qanday dalil yo‘q”.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

123

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing