Avstriya ham keskinlik tufayli fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi

Olam

image

Avstriya respublika fuqarolarini Eronga sayohat qilishdan tiyilishga va u yerda bo‘lganlarni mamlakatni tark etishga chaqirdi. Bu haqdagi bayonot mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilindi.

“Mintaqadagi hozirgi keskin vaziyat tufayli yaqin kunlarda xavf darajasi oshishi kutilishi mumkin”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shu fonda Avstriya havo yo‘llari 18 aprelgacha Tehronga parvozlarni bekor qildi.

Avvalroq Germaniya Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirgan edi.

Shuningdek, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarini Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi tahdidi tufayli Eron, Isroil va Livanga tashrif buyurishdan tiyilishga chaqirdi.

Sloveniya Tashqi ishlar vazirligi ham xuddi shunday respublika fuqarolariga Eronga sayohat qilishdan bosh tortishni tavsiya qildi.

Ma’lumot uchun, Islom inqilobi posbonlari korpusining Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi joriy yilning 1 aprel kuni Isroil havo kuchlarining Suriya poytaxtidagi Eron elchixonasi konsullik bo‘limiga bergan zarbasi oqibatida yetti nafar eronlik harbiy maslahatchi halok bo‘lganini e’lon qildi. Hujumda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki generali va yana besh zobiti qurbon bo‘ldi. Isroil hodisa uchun hech qanday rasmiy javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Ayni vaqtda Isroil armiyasi matbuot kotibi Daniel Xagari CNN telekanaliga bergan intervyusida Damashqdagi konsullik emas, Islom inqilobi posbonlari korpusi harbiy inshooti hujumga uchraganini aytdi. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari, CBS televideniyesi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron 12 apreldayoq yuzdan ortiq dron va o‘nlab raketalar bilan Isroil harbiy nishonlariga hujum qilishi mumkin, deb hisoblaydi. Telekanal manbalariga ko‘ra, yahudiy davlati Damashqdagi Eron konsulligiga qilingan hujum uchun o‘ch olishdan o‘zini himoya qilishi qiyin bo‘ladi. Shu bilan birga, ular Tehron vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun kichikroq miqyosdagi hujum ehtimolini ko‘rib chiqishi mumkinligini istisno qilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 aprel kuni O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi mintaqadagi vaziyat tufayli Isroil hududida bo‘lib turgan fuqarolarga ehtiyotkorlik va xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rish hamda doimiy ravishda hushyorlik zarurligini eslatgan, shaxsiy xavfsizlikka tahdid solishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldini olish uchun zaruratsiz yashab turgan joyni tark etmaslikni tavsiya qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi Avstriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing