Aviakerosin narxi rekord darajada qimmatladi

Olam

image

Peterburg birjasida aviatsiya kerosini narxi rekord darajaga – bir tonnasi uchun 120 ming rubldan ortiqroqqa ko‘tarildi. Bu haqda birja ma’lumotlariga tayanib, “Vedomosti” nashri xabar berdi.

20 avgustdagi savdolar yakunlariga ko‘ra, aviayoqilg‘i qiymati bir tonna uchun 121 864 rublni tashkil etgan. Gazetaning qayd etishicha, avvalgi rekord may oyida qayd etilgan – qariyb 90 ming rubl. Yil boshidan beri aviakerosin narxi 1,6 baravarga qimmatlashgan.

Birjadan tashqari savdolarda ham narxlar o‘sishda davom etmoqda: shu haftada ular bir tonna uchun 110 ming rublgacha yetgan, eng yuqori ko‘rsatkich esa iyul oyi boshida qayd etilgan – qariyb 117 ming rubl.

Yoqilg‘i narxi joriy yilning mart oyidan o‘sa boshlagan. O‘shanda bunga Yaqin Sharqdagi qurolli nizo fonida eksportning ortishi sabab bo‘lgan, bu esa jahondagi narxlarining ko‘tarilishiga olib kelgan. Keyinchalik, narxlarning keskin oshishiga qo‘shimcha omil sifatida Ukrainaning Rossiyadagi neftni qayta ishlash korxonalariga bergan zarbalari xizmat qilgan. Bu holat mamlakatda narxlarning o‘sishiga va yoqilg‘i inqiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu vaziyat fonida joriy yil 1 iyundan beri va kamida 30 noyabrgacha Rossiyada aviakerosin eksportiga taqiq amal qilmoqda. Shunga qaramay, bunday sharoitda ham aviakompaniyalar samolyotlarga yoqilg‘i quyishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Narxlarning joriy o‘sishini “Vedomosti” neftni qayta ishlash zavodlaridagi ta’mirlash ishlari sababli bozorda aviayoqilg‘i hajmining cheklangani va yetkazib berish logistikasining murakkablashgani bilan izohlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar