Aviahalokat bo‘yicha turli xil versiyalar mavjud – Aliyev
Olam
−
25 dekabr 2024 16744 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qozog‘istonning Aqtau shahrida Azerbaijan Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati sabablarining hozircha noma’lum ekani, biroq turli taxminlar mavjudligini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 25 dekabr kuni o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, voqea sabablarini hozircha aniqlashga erta, masala to‘liq o‘rganilishi lozim. Shuningdek, Aliyev samolyot halokati yuzasidan Ozarbayjon Bosh prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini bildirdi.
“Biz baxtsiz hodisaning sabablarini bilmaymiz. Turli xil versiyalar mavjud. Menimcha, bu haqda gapirishga hali erta. Menga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AZAL aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan samolyoti ob-havo sharoiti yomonlashgani tufayli yo‘nalishini o‘zgartirgan va Aqtau aeroportiga tomon yo‘nalgan. U yerda qo‘nish chog‘ida avariya sodir bo‘lgan”, dedi u.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 25 dekabr kuni Ozarbayjon aviakompaniyasining Baku-Grozniy reysi bo‘yicha uchayotgan samolyoti Qozog‘istonda halokatga uchragani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng Ilhom Aliyev ushbu aviahalokat munosabati bilan MDHning norasmiy sammitida qatnashmay Rossiyadan Bakuga qaytgan. Samolyot yo‘lovchilaridan 37 kishi Ozarbayjon, 16 kishi Rossiya, 6 kishi Qozog‘iston va uch kishi Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lganligi ta’kidlangan. Samolyotning qulashiga qushlar galasi bilan to‘qnashuv sabab bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan.
Live
Barchasi