Avaza sammiti ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin. Ozarbayjon-Turkmaniston-O‘zbekiston uchligi “karvonsaroylik”ga da’vo qilmoqda

Tahlil

Aliyevga “Axaltekin” oti, Mirziyoyevga esa tuya va bo‘taloq. Bu Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan ularga tuhfa qilingan sovg‘alardir. Ammo bugun Sharq diplomatiyasining ajralmas qismi bo‘lgan sovg‘a-salomlar va beqiyos mulozamat haqida gaplashmoqchi emasmiz. Aksincha bu tahliliy material Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va siyosiy muhitni tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan sammit haqida bo‘ladi.

Avazada mustahkamlangan mustaqillik

Turkmanistonning “Avaza” milliy turizm zonasi Markaziy Osiyoning qator shaharlari, jumladan, Samarqand, Toshkent, Olmaota va Ostona kabi siyosiy markazga aylanmoqda. Esingizda bo‘lsa, joriy yilning avgust oyi boshida bu yerda BMTning dengizga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatlar konferensiyasi bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda konferensiya doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadovning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda eng avvalo, energetika, transport va logistika, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya uchun imkoniyatlar ko‘rib chiqilgani haqida xabar qilingandi.

Muhim tranzit yo‘llarida joylashgan mazkur davlat rasmiylarining ushbu uchrashuvi o‘ziga xos ahamiyatga ega edi. Chunki ularni bir-biriga bog‘laydigan qator muhim transport yo‘llari bor. Ularning ba’zilari esa mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish hamda xalqaro savdoni rivojlantirishda strategik ro‘l o‘ynaydi. Masalan bulardan biri – XXI asrning “Buyuk ipak yo‘li” deb nomlash mumkin bo‘lgan o‘ta yuqori potensialga ega O‘rta yo‘lakdir. O‘rta yo‘lakning salohiyatiga hamda avgust oyi boshida o‘tkazilgan BMTning o‘sha konferensiyasiga uzoq to‘xtalib o‘tirmaymiz. Unda, asosan, transport masalalari muhokama qilingani yuqorida ta’kidlandi.

Bugun esa ko‘pchilikning bor e’tibori joriy yilning 22 avgust kuni yana Avaza mezbonlik qilgan sammitga qaratilgan. Buni dengizga chiqish imkoniyati cheklangan mamlakatlar konferensiyasining mantiqiy davomi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Avazaga bu safar Aliyev Bosh vazirini jo‘natmadi va shaxsan o‘zi bordi. 22 avgust kuni o‘tkazilgan uch davlat o‘rtasidagi sammit Shavkat Mirziyoyev, Ilhom Aliyev va Gurbanguli Berdimuhammedov ishtirokida bo‘lganining o‘zi uning ahamiyati yuqoriligidan dalolat beradi. Uch qardosh mamlakat, ammo ular bu safargi uchrashuvni etnik birlik, qardoshlik aloqalari va boshqa pafoslar bilan yakunlamadi. Aniq natijalar va kelishuvlar, takliflar hamda muhim yangiliklar yetarlicha. Yanada quvonarli tomoni Baku, Ashxobod va Toshkent hech bir tashqi kuchlar ishtirokisiz mustaqil va yaxlit makon yaratishga katta qadam tashlaganidadir.

Ular Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti yoki Turkiy davlatlar tashkiloti kabi murakkab hamda barchani rozi qilish shart bo‘lgan byurokratik formatdan holi tarzda o‘zaro kelishlarga erishishni boshladi. Shimol, Sharq va G‘arbning aralashuvisiz yangi iqtisodiy makon va transport yo‘nalishi maydonga chiqib kelmoqda. Shuning uchun kelishuvlar haqida gap ketganda uch tomonlama sammitda yetakchilar huzurida transport va logistika, kemasozlik va fuqaro aviatsiyasi sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar, tovar-xomashyo birjalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqa hujjatlar imzolandi.

Shuningdek, O‘zbekiston asosiy bozorlarga biznes uchun eng qisqa va manfaatli chiqishni ta’minlash maqsadida yuk tashish tariflarini o‘zaro asosda pasaytirishga tayyorligini bildirdi. Toshkent, Ashxobod va Baku uchligi amaldagi va istiqbolli yo‘laklarning tutashuvi Xitoyni ularning hududlari orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bog‘laydigan barqaror transqit’aviy yo‘nalishni shakllantirishiga ishonmoqda. Aslida ham bu G‘arb va Xitoy uchun notinch Eron va Rossiyadan ko‘ra ancha ishonchli yo‘nalish bo‘ladi. Masalan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning shaxsan o‘zi Turkmaniston, O‘zbekiston va Ozarbayjon Sharqni G‘arb bilan, Shimolni esa Janub bilan bog‘laydigan geografik joylashuvga egaligini aytib o‘tdi. Bu esa kecha dengizga chiqish imkoniyati cheklangani tufayli og‘riqli muammolarga duch kelgan davlatlar, bugun nafaqat mintaqalar, balki qutblarni bog‘lashga da’vo qilayotganini anglatadi. Xaritaga nazar tashlansa, rostdan ham ularning joylashuvi Xitoy, Yevropa va Yaqin Sharqqa yuk yetkazib berish uchun ideal nuqta ekanini anglash qiyinmas. Ha, Avazadagi uch tomonlama uchrashuv juda ko‘p narsalarning o‘zgargani va yangi kuch markazining shakllanganiga ishora qilmoqda. Bu Toshkent-Ashxobod-Baku uchligidir.

Mirziyoyev O‘zbekistonni dengizga olib chiqishga yaqin

Avazadagi uchrashuvdan Aliyev va Mirziyoyev bo‘sh qo‘l bilan qaytmadi. Yuqorida ta’kidlanganidek, gap ularga sovg‘a qilingan zotdor ot hamda tuya va bo‘taloq haqida ketmayapti. Masalan, Ozarbayjonning davlatga qarashli nufuzli neft kompaniyasi SOCAR O‘zbekistonda neft konini o‘zlashtirishi borasida shartnoma imzolangani ma’lum qilindi. Bu o‘sha so‘nggi bir necha kun ichida Rossiya tomonidan ikki bor o‘qqa tutilib, shikast yetkazilgan kompaniyadir. SOCAR Ozarbayjon tomonidan qanday muhofaza qilinishi o‘sha voqeliklardan so‘ng, ko‘pchilikka ayon. Aliyev mazkur zarba fonida Ukrainaga million dollarlik yordam paketiga qo‘l qo‘ygani, ushbu kompaniya Ozarbayjon uchun qanday ahamiyatga ega ekanidan dalolatdir. Endi shu kompaniya O‘zbekiston bozoriga chuqur kirib kelish arafasida. Buni Ilhom Aliyev yuqori darajadagi uch tomonlama uchrashuvda ma’lum qildi. U yaqin 1-2 yil ichida O‘zbekistondan yangi neft koni ochilgani haqidagi xabarni intiqlik bilan kutayotganini aytdi. 

“Kelgusi bir-ikki yil ichida ular bizga quvonchli xabar yetkazishlariga umid qilaman. Barchamiz O‘zbekistonda yirik neft koni ochilishi haqidagi yangiliklarni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz”, dedi Ozarbayjon Prezidenti.

Bu uchrashuvda O‘zbekiston ham o‘zining milliy manfaatlarini ilgari surdi. Uch tomonlama uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev qator muhim takliflar bilan chiqdi, ammo ularning ikkitasi ancha jiddiydir. Jumladan, O‘zbekiston yetakchisi an’anaviy uglevodorodlar borasida Kaspiy shelfida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va konlarni o‘zlashtirish sohasida hamkorlik qilishni taklif qildi. Bundan tashqari O‘zbekiston Kaspiy dengizi orqali yuklarni tashish uchun o‘ziga qarashli parom quvvatlarini yaratishdan manfaatdorligi bildirildi. Mazkur tashabbusning amalga oshishi esa mamlakat iqtisodiyoti va uning transport salohiyati uchun suv va havodek zarur bo‘lgan element hisoblanadi.

Ammo bu kelajakda qay darajada amalga oshiriladi yoki tomonlar O‘zbekistonning ushbu manfaatini qanchalik hisobga olib, uni qo‘llab quvvatlaydi, bunisi noma’lum. Tasavvur qilish uchun, bugun Kaspiyda faqat unga bevosita chegaradosh bo‘lgan mamlakatlarninggina paromlari mavjud. Bular Qozog‘iston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Rossiya va Eron kabi mamlakatlardir. Ushbu 5 ta davlat Kaspiyda o‘z parromlariga ega xolos. Bu esa unga bevosita chegara bo‘lish hamda dengizdan foydalanish huquqi bilan izohlanadi. Ammo Kaspiy bilan umumiy chegaraga ega bo‘lmay turib unda o‘z paromiga ega bo‘lish O‘zbekistonning yuk tashish qobiliyatini karrasiga oshirishi turgan gap.

Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlash joiz, parom – bu yuklar, mashinalar va yo‘lovchilarni suv havzasining bir joyidan boshqa joyiga ko‘chirib qo‘yish vazifasini bajaruvchi inshootdir. U asosan portlar orasida harakatlanadi. Masalan, Ozarbayjon paromlari asosan Qozog‘iston va Turkmaniston portlariga qatnaydi. Shu o‘rinda Qozog‘istonga tegishlilari esa Ozarbayjon va Turkmaniston portlariga yuk tashish xizmatlarini ko‘rsatadi. Turkmanistonning Turkmanboshi portida esa Ozarbayjon bilan parom qatnovi mavjud. Bu Xitoy, O‘zbekiston, Turkmaniston, Ozarbayjon  va Yevropa transport yo‘lagining bir qismi sifatida faol ishlatiladi. Rossiyaning Kaspiydagi Astraxan portidan esa asosan savdo kemalari, ba’zida esa yuk paromlari qatnaydi. Eron bo‘lsa, Bandar Anzali va Novshahr kabi portlari orqali Kaspiydagi savdo qatnovlarini Rossiya va Turkmanistonga yuk tashish bilan amalga oshiradi. Ko‘rib turganingizdek, bu paromlar asosan savdo-sotiq maqsadida konteyner tashish uchun ishlatiladi.

Ammo so‘nggi yillarda Kaspiydagi suv sathi bilan bog‘liq jiddiy muammolar mazkur suv yo‘lining salohiyati borasida qator xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Kaspiydagi suv sathining surunkali pasayishi undagi paromlarning samaradorligiga zarar yetkazmoqda. Jumladan, Ozarbayjonning Baku va Qozog‘istonning Quryq portlari orasidagi yo‘nalishda yuk tashishlar 10-20 foizga pasaygan. Bundan tashqari, Baku–Turkmanboshi yo‘nalishida ham temiryo‘l tankerlarini tashish 37 foizga, vagon transporti esa salkam 20 foizga kamaygani qayd etilgan.

“Yangi uchlik”ning hozirgi aloqalari qanday?

Avazadagi uchrashuvdan so‘ng, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekistonni Sharq va G‘arb uchun qulay transport koridorlari taqdim qilishi mumkin bo‘lgan “yangi uchlik” deb nomlash mumkin. Umuman ularning savdo va yuk tashish borasida yaxlit boj va tariflarga o‘tishga harakat qilayotgani va bu boradagi ishlar ekspertlar yordamida jadallashtirilishi ushbu nomni qaysidir ma’noda oqlaydi. Aliyev ta’kidlaganidek, mazkur uch mamlakat oldida transport hamkorligi borasida yangi vazifalar va imkoniyatlar paydo bo‘lmoqda. Bunga yuqorida to‘xtaldik. Endi Avazadagi uchrashuvda tilga olingan boshqa muhim jihatlarga ham to‘xtalish o‘rinli.

Uch tomonlama uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni avgust oyi boshida BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi. Bundan tashqari O‘zbekiston Prezidenti Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevni ham yaqinda Vashingtonda Armaniston bilan tinchlik deklaratsiyasi imzolangani bilan ham chin dildan qutladi.

Ma’lumki, 8 avgust kuni Armaniston va Ozarbayjon AQSH Prezidenti Donald Tramp vositachiligida Oq uyda 35 yillik urushga chek qo‘ygan tinchlik bitimini imzoladi. Aliyev va Pashinyanning Rossiyani Janubiy Kavkazda keraksiz davlatga aylantirgan mazkur kelishuvi mintaqada juda ko‘plab o‘zgarishlarga olib kelishi kutilmoqda. Xususan, Zangezur yo‘lagining AQSHga tegishli kompaniyaga 99 yil muddatga ijaraga berilishi Eron va Rossiya uchun kuchli zarba bo‘ldi. Avazadagi uchrashuvda esa O‘rta marshrutni, shu jumladan o‘sha Zangezur yo‘lagini rivojlantirish borasidagi rejalar qo‘llab-quvvatlandi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu –o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan Turkmanboshi va Baku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini ta’minlash masalalarini o‘z ichiga oladi.

Shavkat Mirziyoyev esa ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qator aniq takliflarni bildirdi. U Turkmaniston, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘zining ulkan tranzit salohiyatini to‘liq ishga solishi lozimligini takidlagan. Ko‘pchilikka ma’lum bugunga kelib, Xitoy-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi boshlangan. Bundan tashqari, yaqinda Pokiston va Afg‘oniston bilan ham Transafg‘on yo‘lagini qurish loyihasi bo‘yicha memorandum imzolandi. Shu bois davlat rahbari yangi yuk oqimlari, eng avvalo, Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston infratuzilmasidan samarali foydalanishni ta’minlash kerakligini qayd etgan.

Energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish va energiya resurslarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilish yo‘laklarini rivojlantirish zarurligi, bu borada esa Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berishni tashkil etish loyihasi ham istiqbolli ekani ta’kidlandi. Shuningdek, tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiyasi ko‘lamini tubdan oshirish yana bir ustuvor yo‘nalish sifatida tilga olingan. Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Turkmaniston va Ozarbayjon bilan o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshgan. Tovar ayirboshlash tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi esa 40 foizga yetgan.

Uchrashuv yakunida esa O‘zbekiston rahbari ilgari surilgan barcha tashabbuslar va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash, shuningdek, asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha vazirlarning qo‘shma uchrashuvlari mexanizmini ishga tushirishni ham taklif qildi. Aynan kelishuv va tashabbuslar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tayyorlash va turli yo‘nalishlar bo‘yicha hukumatlararo uchrashuvlar formatini yo‘lga qo‘yish  Avazada aytilgan gaplar hamda erishilgan kelishuvlar mustahkamlanishi va ularning amalga oshish ehtimolini oshirishiga umid bog‘lash mumkin. O‘zbekiston Kaspiyda o‘z paromlariga ega bo‘lishi va u yerdagi konlarni o‘zlashtirishga sherik bo‘lish ehtimoli ham shular jumlasidandir.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Gurbanguli Berdimuhamedov Mirziyoev Markaziy Osiyo SOCAR Avaza sammiti Ozarbayjon-Turkmaniston-O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing