Atom reaktori yuk samolyotida: AQSH kashshoflik qilishda davom etmoqda

Olam

image

AQSH Energetika va Mudofaa vazirligi ilk bor kichik yadro reaktorini havo orqali ko‘chirdi. Bu qadam texnologiya tezkor joylashtirilishi mumkinligini namoyish etish uchun amalga oshirilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kaliforniyada joylashgan “Valar Atomics” kompaniyasining “Vard” mikroreaktori S-17 harbiy yuk samolyotida Harbiy havo bazasiga yetkazilgan. Mikroreaktor – an’anaviy atom elektr stansiyalariga nisbatan kichik, ko‘chma yadro energiya qurilmasi. U uzoq va infratuzilmasi zaif hududlarga tez fursatda yetkazilishi mumkin.

Rasmiylarga ko‘ra, bu loyiha harbiy operatsiyalar uchun tezkor va mustaqil energiya manbai yaratishga qaratilgan. Tramp ma’muriyati kichik modulli reaktorlarni milliy xavfsizlik va sun’iy intellekt infratuzilmasi uchun zarur energiya manbai sifatida ko‘rmoqda.

“Valar Atomics” bosh direktori Isaiah Teylorning aytishicha, miniven kattaligiga yaqin ushbu qurilma 5 megavattgacha elektr ishlab chiqarishi mumkin. Bu taxminan 5 ming uy xo‘jaligini energiya bilan ta’minlashga yetadi. Reaktor iyul oyida dastlab 100 kilovatt quvvat bilan ishga tushadi va bosqichma-bosqich to‘liq quvvatga chiqadi.

Manbaga ko‘ra, mikroreaktorlar ishlab chiqaradigan elektr energiyasi yirik atom stansiyalari yoki qayta tiklanuvchi manbalarga (quyosh va shamol energiyasi) qaraganda qimmatroq bo‘lishi mumkin. Yana bir muammo sifatida radioaktiv chiqindi, ya’ni yadro yoqilg‘isi ishlatilgach hosil bo‘ladigan xavfli chiqindi tilga olingan. Hozircha AQSHda uni doimiy saqlash masalasi to‘liq hal etilmagan.

Shunga qaramay, Energetika vazirligi uchta mikroreaktorni joriy yil 4 iyulgacha yadroviy reaksiya orqali o‘zini o‘zi davom ettira oladigan bosqichga olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, agar loyiha muvaffaqiyatli bo‘lsa, mikroreaktorlar uzoq hududlar va harbiy bazalar uchun dizel generatorlariga muqobil energiya manbaiga aylanishi mumkin.

Musulmon Sodiq


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

AQSh Atom reaktori kashshoflik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing