Koronavirusdan “eng og‘ir zarbani yegan” turizm sohasining zarari ma’lum bo‘ldi
Olam
−
23 aprel 2020
6663Dunyo turizm sanoati koronavirus pandemiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri bo‘ldi. Jahon bo‘ylab sayohatlar to‘xtab qoldi. Bunga yirik turistik markazlardagi bo‘shab qolgan ko‘chalarning tarqalgan suratlari ham dalil bo‘lib turibdi. Koronavirusdan "eng og‘ir zarbani" qabul qilib olgan turizm sohasi bu yil qancha zarar ko‘rishi ma’lum qilindi.
2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli dunyoda turizmdan keladigan daromadlar 500 mlrd dollarga kamayadi. Bu haqda BMTning Butunjahon turizm tashkiloti bosh kotibi Zurab Pololikashvili ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq inqiroz dunyoda xorijiy sayyohlar sonining o‘sishini birdan to‘xtatib qo‘ygan. “2019 yilda sayohatchilar 1,5 mlrdga yetgan bo‘lsa, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 30 foizga qisqarishi mumkin. O‘z navbatida bu turizmdan keladigan daromadni 500 mlrd dollarga kamaytiradi”, deydi Pololikashvili.
Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, hukumatlar aniq va qat’iy qarorlar qabul qilishi orqali turizm sohasining zararini kamaytirishi mumkin. Buning uchun avvalo sohadagi ish o‘rinlarining kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
“Bizning tahlillarga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan keyin 96 foiz davlatlar sayohat uchun to‘liq yoki qisman cheklov o‘rnatgan.
Pololikashvili COVID-19 pandemiyasi kichik va o‘rta biznesga jiddiy zarar berishini ta’kidlab, turistik kompaniyalarning 80 foizi shu toifaga kirishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, COVID-19 koronavirusi ilk bor 2019 yilning dekabr oyida Uxanda qayd etilgandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus tarqalishini 11 mart kuni pandemiya deb e’lon qilgandi.
LiveBarchasi