Atamboyev yana ikkita jiddiy jinoyatda ayblandi

Olam

image

Qirg‘iziston huquq-tartibot idoralari Respublikaning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevga nisbatan Bishkekda tartibsizliklar uyushtirish va o‘tgan yilning oktyabr oyi boshlarida hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga urinish bo‘yicha yana ikkita ayblov qo‘ydi. Bu haqda sobiq davlat rahbarining advokati Sergey Slesarev ma’lum qildi.

“Atamboyevga o‘tgan yilning oktyabr oyi boshida poytaxtda tartibsizliklar uyushtirganlikda va hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinishda gumon qilinganligi to‘g‘risida ogohlantirish topshirildi”, degan u. 

Himoyachining ta’kidlashicha, tartibsizlikning birinchi kunlarida sobiq Prezident hibsda bo‘lgan va jismonan tartibsizliklarni uyushtirishda qatnasha olmagan. 

Bu ishda Atamboyev bilan bir qatorda Prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov, Atamboyevning sobiq qo‘riqchisi Kanat Sagimboyev va Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanovlar ham ishtirok etgani aytilmoqda. 

Avvalroq, Atamboyev 2019 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan Qo‘y-Toshdagi to‘qnashuvlar yuzasidan sudda ishtirok etishga rozi bo‘lgani haqida xabar bergandik. 

Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston poytaxtining markaziy maydonida o‘tgan yilning 5-6 oktyabr, shuningdek 9 oktyabrida turli siyosiy kuchlar tarafdorlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Natijada g‘alabani amaldagi Prezident Sadir Japarov tarafdorlari qo‘lga kiritib, raqiblarni maydonni tark etishga majbur qilishdi. To‘qnashuvlar chog‘ida noma’lum shaxs Atamboyev bo‘lgan mashinaga to‘pponchadan bir necha bor o‘q uzgan, biroq sobiq davlat rahbari jarohat olmagan. Jinoyatchi hali topilmagan. 

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing