Atamboyevning vorisiga nisbatan qilgan eng katta xatolari ochiqlandi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyev kursisining vorisi Sooranbay Jeenbekov bilan janjallashib qolgani, uning siyosiy karerasidagi katta xato bo‘lgan. Bunday fikrni ijtimoiy tarmoqlarda yozuvchi Zamirbek Osorov bildirgan

U Atamboyevning katta siyosatdan ketishni istamagani, keyinchalik uning Arashandan turib mamlakatni boshqarishni rejalashtirgani hammaga ayon bo‘lganini eslagan.

"Agar Jeenbekovning hukmronligi yillarida u jimgina bo‘ysunganida, siyosatga aralashmaganida, Jeenbekovni oqilona tanqid qilganida, o‘zini unga nisbatan dushmandek tutmaganida edi, u o‘z yuzi va obro‘sini saqlab qolgan bo‘lar edi. Agar u shunday yo‘l tutganida  Jeenbekovning boshqaruvi ham ancha muvaffaqiyatli bo‘lar edi. Ehtimol, u vakolat muddati tugaguniga qadar lavozimida o‘tirar edi, mamlakat Konstitutsiyasini qayta o‘zgartirish va muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazish shart bo‘lmasdi", degan Osorov.

Yozuvchining ta’kidlashicha, agar mamlakatda 2020 yilning oktyabr oyidagi noroziliklar sodir bo‘lgan taqdirda ham, Atamboyev egarda bo‘lar edi va Jeenbekovning o‘rniga aynan u hokimiyat tepasiga kelardi. Ammo xalq Atamboyevni o‘rinbosariga va mamlakatga nisbatan qilgan xiyonati uchun kechirmadi. 

Ma’lumot o‘rnida, Almazbek Atamboyev va Sooranbay Jeenbekov 2017 yili o‘tgan prezidentlik saylovigacha yaqin do‘st bo‘lishgan. Biroq, Jeenbekov Prezident bo‘lganidan keyin o‘rtada janjal chiqqan.

Kelishmovchilikdan keyin Atamboyev bir necha marta Jeenbekov nomiga tanqidiy fikrlarni aytgan. Atamboyev Jeenbekovga prezidentlik lavozimiga kelishga ham yordam berganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Ammo xalq uning natijasidan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirdi. Natijada mamlakatda tartibsizlik va talonchilik avj oldi.

Namoyishlar oqibatida mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov va Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.

Taloto‘plar vaqtida qamoqdan chiqarilgan Sadir Japarov tez orada Bosh vazir etib tayinlandi va keyinroq Prezident vakolatlarini bajarish ham vaqtincha unga o‘tdi. Biroq u prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun barcha lavozimlarni tark etdi.

Qirg‘izistondagi muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari 2021 yil 10 yanvarda bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

759

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing