ATACMS bilan zarba berishga Rossiyaning javobi aniq bo‘ladi – Moskva
Olam
−
19 noyabr
13716Agar Ukraina Rossiya hududiga hujum qilish uchun uzoq masofali raketalardan foydalansa, bu “AQSH va uning sun’iy yo‘ldoshlarining Rossiyaga qarshi harbiy harakatlarda bevosita ishtirok etishini” anglatadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Rossiya TIVga ko‘ra, bu “mojaroning mohiyati va tabiatini tubdan o‘zgartirish” degan ma’noni anglatadi.
“Bunday holda Rossiyaning javobi adekvat va aniq bo‘ladi”, deyiladi TIV bayonotida.
Vazirlik, shuningdek, Prezident Vladimir Putinning ushbu mavzu bo‘yicha so‘nggi so‘zlarini eslatgan. Putin Ukrainaning o‘zi bunday zarbalarni amalga oshira olmasligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu faqat “NATO sun’iy yo‘ldoshlari” ma’lumotlaridan foydalangan holda amalga oshishi mumkin.
“The New York Times” gazetasi 17 noyabr kuni AQSHning uzoq masofaga uchuvchi qurollardan foydalanishga qo‘ygan taqiqi bekor qilingani haqida yozdi. “Le Figaro” nashrining yozishicha, shundan so‘ng Fransiya va Buyuk Britaniya Ukraina Qurolli kuchlarining SCALP va Storm Shadow raketalarini Rossiya Federatsiyasiga hujumlar uchun qo‘llashga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgan, biroq 18 noyabr kuni bu ma’lumot o‘chirib tashlangan. Keyinroq AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Jon Fayner bu ma’lumotni tasdiqlashdan bosh tortdi. Britaniya Mudofaa vaziri Jon Xili ham bu mavzuga izoh berishni rad etdi.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel esa AQSH Ukrainaga Rossiya hududiga 300 km chuqurlikdagi zarbalar berishga ruxsat berganini aytdi.